Zamiraxon 1982 yilda Buxoro shahrida tugʻilgan. U 2005 yilda Toshkent shahar IIB huzuridagi boshlangʻich tayyorlov oʻquv markazini tamomlagach, xizmat faoliyatini Buxoro shahar IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimida boshladi. Keyinchalik kanselyariya, aloqa boʻlinmasi, jamoat tartibini saqlash boʻlimining turli lavozimlarida faoliyat koʻrsatib keldi. Hozirda Buxoro shahar IIOFMB jamoat tartibini saqlash boʻlimi konvoy guruhi konvoychisi lavozimida sadoqatli xizmat qilmoqda.
Safdor Z. Mahmudova hayotini xizmat faoliyatisiz tasavvur etolmaydi. Jamoadagi barcha hamkasblari unga ogʻa-inidek boʻlib qolishgan. Yaratganga shukrki, oilasidan koʻngli toʻq. Shuning uchunmi, zimmasidagi vazifasini, berilgan har bir topshiriqni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga doimo ulguradi. Qolaversa, viloyat ichki ishlar organlarining xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkaziladigan musobaqalarida faol qatnashib, faxrli oʻrinlarni egallab kelyapti. U xizmatda erishgan yutuqlari uchun IIVning esdalik qoʻl soati, shuningdek, viloyat IIB hamda Buxoro shahar IIOFMBning faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlangan.
Yaqinda ichki ishlar organlaridagi koʻp yillik samarali mehnati, sogʻlom hamda barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qoʻshganligi hamda 8 mart − Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan IIVning faxriy yorligʻiga loyiq topildi.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
