Boyovut tumani IIB boshligʻining oʻrinbosari, mayor Abror Suvonqulov 1985-yilda Boyovut tumanida tugʻilgan. Bolaligi dalada oʻtgani bois uncha-muncha ishni pisand qilmaydigan, zuvalasi pishiq yigitlardan. 

Oʻrta maktabni tugatgach, Toshkent davlat Agrar universitetida tahsil oldi. 2009-yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilmoqda. Faoliyati davomida Yangier shahar IIB kanselyariya mudiri, profilaktika inspektori, Shirin shahar IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi profilaktika inspektori vazifalarida xizmat qilgan. 2021-yilda Boyovut tumani IIB boshligʻining oʻrinbosari, jamoat xavfsizligi boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlangan. Ommaviy tadbirlarning osoyishta oʻtishi, aholi xavfsizligini taʼminlashda alohida namuna koʻrsatgan. Tumanda oʻtkaziladigan barcha sport tadbirlari, bayram va anjumanlarda tartib-intizomni taʼminlashga bosh-qosh boʻlib kelmoqda. 

Boyovut – uloqchi chavondozlar maskani. Shu bois tumanda har yili kamida ikki-uch bor koʻpkari musobaqalari oʻtkazib turiladi. Nosir Mahmudov nomidagi, Gʻallakor, Dehqonobod kabi mahallalarning keng dalalari mezbonlik qiladigan koʻpkariga oʻn mingga yaqin odam yigʻiladi. Ushbu tadbirni oʻtkazish ichki ishlar organlari xodimlariga katta masʼuliyat yuklaydi. Maqsad — el-ulusning xavfsizligini taʼminlash. Boyovut tumani IIB boshligʻining oʻrinbosari, jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi, mayor Abror Suvonqulov ana shunday paytda barcha masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi. Koʻpkaridan bir kun oldin barcha xodimlarni yigʻib, vazifalarni taqsimlaydi. 

Tadbir kuni belgilangan vazifalarga binoan YHXB inspektorlari avtomashinalarni tartib bilan joylashtirishadi. Yuk mashinalari alohida, yengil mashinalar alohida qatorga qoʻyilib, fuqarolar xavfsizligi eʼtiborga olinadi. Qatnov uchun yoʻlak qoldirilishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Chakana savdo va oshxona xizmati koʻrsatuvchilar musobaqa boʻlayotgan joydan chetroqqa joylashishi nazoratga olinadi. Kelayotgan tomoshabinlar maydon chetiga yoʻnaltirib turiladi. 

Musobaqa paytida fuqarolarning tartibi alohida eʼtiborga olinadi. Tartib-intizomga boʻysunmaydigan shaxslarga chora koʻriladi. Tadbir paytida boshqa turdagi huquqbuzarliklar sodir etilmasligi nazoratga olinadi. Bu ishlarning barchasi Abror Suvonqulov tomonidan boshqarib turiladi. 

Boyovut tumanida ommaviy tadbirlar oʻtkazilishiga oid statistika bilan tanishar ekansiz, ularda birorta ham qonunbuzarlikka yoʻl qoʻyilmaganiga guvoh boʻlasiz. Bu esa ishning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganidan dalolat.   

Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

“Postda” muxbiri.

Sirdaryo viloyati.