Toshkent viloyati IIBB Birinchi mintaqaviy hudud Yuqorichirchiq tumani IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi Yoʻl-patrul xizmati guruhi YPX inspektori, safdor Ilyos Dadaev 1984-yil Oʻrtachirchiq tumanida tugʻilgan.
Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2009-yilda Toshkent viloyati Olmaliq shahar IIB huzuridagi shahar va tumanlararo qoʻriqlash boʻlimi, 1-militsiya otryadi 2-militsiya vzvodining milisioneri lavozimidan boshlagan. Keyinchalik viloyat IIB YHXB YPX batalʼoni uchinchi YPX otryadi birinchi safarbar guruhining YPX inspektori, viloyat IIBB Birinchi mintaqaviy hudud Parkent tumani IIB YHXB YPX guruhi YPX inspektori lavozimlarida samarali xizmat qildi.
Ota-onaning duosini olgan elda aziz boʻladi, deyishadi. Ilyos ham ota-onasi va ustozlarining pand-nasihatlariga amal qilib kam boʻlmadi. Intiluvchanlik va tirishqoqlik, oʻz manfaatidan Vatan manfaatini ustun qoʻyish, fuqarolarga xushmuomala boʻlish singari insoniy fazilatlari sabab hamkasblari va rahbariyat oldida oʻzining alohida oʻrni bor. Ilyos Dadaev xizmat jarayonida yoʻllarda harakatni tartibga solish, yoʻlovchilar uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan, jumladan, mast holatda transport vositani boshqarish, svetoforning qizil chirogʻi yonib turganda oʻtish, odam tashish qoidalarini buzish singari qoidabuzarliklarning oldini olishga samarali hissa qoʻshib kelmoqda. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida 160 dan ortiq ana shunday va boshqa turdagi qoidabuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirdi.
– Har bir inson xoh yoʻlovchi, xoh haydovchi boʻlsin manziliga sogʻ-salomat yetib borishni istaydi, – deydi qahramonimiz. – Shu bois yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Haydovchi transport vositasini boshqarar ekan, bir soniya ham hushyorlikni yoʻqotmasligi zarur. Asosiy maqsadimiz, yoʻllarda harakat ishtirokchilarining faromushlik yoki loqaydligi sabab kimdir zarar koʻrishining oldini olishdan iborat.
Bugungi kunda umr yoʻldoshi Gulmira Dadaeva bilan shirindan shakar farzandlarini tarbiyalab voyaga yetkazayotgan Ilyos Dadaevning orzulari ulkan. Uning niyatlari amalga oshishiga ishonamiz. Zero, ona Vatanimiz osoyishtaligi yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilish va bildirilgan ishonchni oqlash orzu-maqsadlarining roʻyobga chiqishi yoʻlidagi muhim koʻprikdir.
Sherzod Abdusamadov,
«Postda» muxbiri.
Abu Kenjaev olgan surat.
Toshent viloyati.
