Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida shaxsiy tarkibda xizmat va qonuniylikni mustahkamlash hamda qonunbuzilishlarning oldini olish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, hududiy ichki ishlar boʻlimlari hamda sohaviy xizmatlar masʼullari qatnashdi. Yigʻilishda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Muxtor Mirziyoev soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida atroflicha toʻxtalib oʻtdilar.

Jumladan, sohani xalq manfaatlariga sifatli xizmat qiladigan, kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirishga qodir professional tizimni shakllantirish, jahon andozalariga mos aloqa, texnika va zamonaviy axborot-kommunikasiya vositalari bilan taʼminlash, xodimlarni ijtimoiy himoyalash borasidagi oʻzgarishlar tilga olindi. Oʻz navbatida sohaning ayrim vakillari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar, xizmat intizomi va qonunchilikning buzilish holatlari xususida atroflicha maʼlumot berildi. Ichki ishlar organlari rahbarlarining xodimlar borasidagi masʼuliyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yakunda tarbiyaviy profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga oid rejalar belgilab olindi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.