Polkovnik Aziza Moʻminovaga bir soʻz bilan fidoyi ayol, deb taʼrif berish mumkin. Ammo bu taʼrif zamirida unga xos gʻamxoʻr farzand, mehribon ona, masʼuliyatli rahbar, qoʻli yengil shifokor va qatʼiyatli xodima singari eng aʼlo fazilatlar borligini anglaganimiz koʻyi, uning timsolida oʻzbek ayollarining haqiqiy qiyofasi yaqqol namoyon boʻladi. Darhaqiqat, Aziza Rustamovna Yangi Oʻzbekistonning shijoatli ayollaridan biri.
U xushfeʼl, samimiy, shirinsuxan, mehr-oqibatni nihoyatda qadrlaydigan insonlardan. Masʼuliyati ogʻir rahbarlik lavozimida xizmat qilsa-da, hech qachon farzandlik burchini unutmaydi. Padari buzrukvori Rustam otani tez-tez yoʻqlab, ularni avaylaydi, koʻngliga qaraydi. Unga hamfikr, eng yaqin doʻst sifatida tarbiya berib, tanlagan kasbini puxta oʻzlashtirib, yaxshi mutaxassis boʻlishi, jamiyatda oʻz oʻrnini topishida qoʻllab-quvvatlab, suyanch boʻlgan otasi haqida alohida mehr va minnatdorlik bilan soʻzlaydi.
Qahramonimiz qariyb 25 yildirki, IIV Tibbiyot boshqarmasiga qarashli tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritib keladi. Soʻnggi oʻn besh yillik faoliyati mobaynida IIV Tibbiyot boshqarmasi «Oʻzbekiston» sanatoriyasida oʻz sohasining yetakchi mutaxassislaridan iborat ahil jamoani shakllantirib, sihatgohda dam oluvchilarning mazmunli hordiq olishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish borasida jon koyitib kelmoqda. Unga bu – ishxona, bu – oʻz uyim, degan qarashlar mutlaqo yot. Qahramonimizga oʻzi rahbarlik qilayotgan sihatgoh har doim aziz va qadrlidir.
Uning mohir rahbarlik salohiyatini tabiatan jonkuyarligi toʻldiradi. Xodimlariga topshiriq berdimi, albatta, shu ishga oʻzi bosh-qosh boʻladi. Muassasa bogʻida nihol qadab, gul undirishdan tortib, qurilish-taʼmirlashda bitta gʻisht qoʻyish, hatto mix qoqishgacha Aziza opaning nazaridan chetda qolmaydi. Oshxonadagi taomlarga ham opaning mohir bekalik maslahati, kerak boʻlsa, qozon boshidagi tavsiyalari bilan yanada maza kirishi ham bor gap. Dam oluvchilarga kerakli muolajalarni oʻz vaqtida sifatli olib borish, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkillashtirishda xodimlari bilan hamisha hammaslaklikda faoliyat yuritadi.
– Aziza Rustamovna bilan oʻn uch yildan buyon birga ishlaymiz, – deydi boshliq oʻrinbosari, tibbiy qism boshligʻi, podpolkovnik Sevara Zaynutdinova. – Rahbar sifatida dam oluvchilarning salomatligini tiklash borasida qaygʻurib, faoliyat yoʻnalishlarimiz kengayishida jonbozlik koʻrsatib, endokrinolog, urolog, nevrolog, qabulxona vrachi singari tor mutaxassislar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishiga ahamiyat qaratganini alohida taʼkidlashim kerak. Ulardan xizmatda hamkasb, hayotda inson sifatida ibrat olsa arziydi. Ustoz sifatida tanbeh bersalar, bu biz shogirdlar uchun katta dars boʻladi. Chunki ular hech qachon kamchiligimizni boʻrttirib, darrov xatoyimizdan soʻz ochmaydilar. Balki oʻzlari qayerda, nimaga, qanday ahamiyat qaratishimizni erinmasdan oʻrgatib, yotigʻi bilan tushuntiradilar. Oilamiz, farzandlarimizga ham befarq emaslar, hatto muammolarimizda ham doim maslahatgoʻy, yaqinlarimizdek qoʻllab-quvvatlovchimiz. Ularning bagʻrikengligi, xushfeʼlligiga hammamiz havas qilamiz.
Ha, qalbi toza inson atrofdagilarga ham faqat ezguliklar sogʻinadi va bu bilan koʻpchilikning mehr-muhabbatini qozonadi. Qahramonimiz Aziza opa nafaqat qoʻl ostida ishlayotgan xodimlar, balki sihatgohga salomatligini tiklash maqsadida kelgan xodimlar, faxriylarni ham eʼzozlaydi. Ularning muassasadagi har daqiqasi mazmunli va foydali oʻtishi uchun jon kuydiradi. Shifokorlarga faxriylarning nafaqat salomatligi, balki ular xizmatining oʻziga xosligi, mashaqqatlariyu erishgan yutuqlari haqida ham suhbatlashish kerakligini taʼkidlaydi. Jamoasidagi barcha ishchi-xizmatchilarni bu yerga kelganlarning qalbiga yoʻl topib, duosini olishga chorlaydi. El duosini olganlar esa kam boʻlmaydi. Aziza Moʻminova ham sohada butun borligʻi bilan mehnat qilib, koʻpning duosini olib kam boʻlmadi. Uning saʼy-harakatlari hech qachon rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmadi. Faoliyati mobaynida IIV tomonidan koʻp bora ragʻbatlantirilgan rahbar opa pandemiya davridagi fidoyiligi uchun Prezidentimiz farmoniga koʻra,
II darajali «Salomatlik» ordeni, joriy yil 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida esa «Moʻʼtabar ayol» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
U oʻzining har lahzada boʻy koʻrsatgan xayrli va ezgu amallaridan koʻngli huzurlanib, qalbi yorishadi. Ertangi kunga yana yangi gʻoyalar bilan boqishga kuch oladi, koʻzlagan rejalari koʻlamini kengaytiradi. Toʻgʻri, bu oson emas. Baʼzan toliqsa, bir-biridan shirin nabiralari Asana, Amana, Ayaminning begʻubor kulgilaridan koʻzlari quvonib, ularni noyob gavharlarim, deya erkalab, suyib, hayotning eng goʻzal tuygʻularini tuyadi.
Polkovnik Aziza Rustamovnaning shaxtu shijoati bilan kunlari quyoshli, tunlari oyli. Biz ularni qutlugʻ yosh bilan qutlash barobarida, xodimlar va faxriylar hamda ularning oila aʼzolari salomatligini mustahkamlash yoʻlida fidoyilik bilan olib borayotgan sharafli xizmatida muvaffaqqiyatlar tilaymiz.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
