Ayni kunda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining 1-, 2- oʻquv kursi kursantlari Xorazm viloyati hududida oʻzlarining oʻquv-tanishuv hamda ish oʻrganish amaliyotini davom ettirishmoqda.
IIV Xorazm akademik litseyida IIV Akademiyasi kunduzgi taʼlim kursantlari hamda ularning ota-onalari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirni viloyat IIB MMI va KBTX boshligʻi, polkovnik A.Imyaminov ochib, mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan sharoitlar hamda ulardan samarali foydalanishning muhim jihatlariga toʻxtalib oʻtdi. Shundan soʻng, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Xorazm viloyati boʻyicha boʻlimi boshligʻi, mayor Anvarbek Axmedov soʻzga chiqib, kursantlarga ish oʻrganish amaliyotidan unumli foydalanish, akademiyada olgan nazariy bilimlarini amaliy koʻnikmalari bilan mustahkamlash, amaliyot davrida xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy rioya etish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.
– Kursantlar Tezkor qidiruv, Tergov, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Ekspert-kriminalistika, Xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar hamda yoʻl-harakati xavfsizligi xizmati yoʻnalishlari boʻyicha ish oʻrganish amaliyotini oʻtashyapti, – deydi viloyat IIB MMI va KBTX boshligʻining oʻrinbosari, mayor Shavkat Ibragimov. – Ularga tajribali xodimlar amaliyot rahbari etib biriktirilgan. Kursantlar sohaviy xizmatlarning ish faoliyati bilan yaqindan tanishib, meʼyoriy hujjatlar asosida ish olib borish jarayonlarini puxta oʻrganishmoqda.
Tadbir soʻngida namunali xulqi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlgan kursantlarning ota-onalariga IIV Akademiyasi boshligʻining tashakkurnomalari topshirildi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
Xorazm viloyati.
