Targʻibot va tushuntirish ishlari samarasi oʻlaroq, oilaviy kelishmovchiliklar sabab munosabatlar taranglashib ketgan 23 ta oilaning yarashtirilishi, yana 46 ta xonadonda yuzaga kelgan turli nizolarga barham berilgani jamiyatda bagʻrikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi. Shu bilan birga, «Tigʻ» tadbiri davomida 24 nafar shaxs qoʻlga olinib, ularning yonidagi turli tigʻli buyumlar olib qoʻyildi. Bu esa ehtimoliy ogʻir jinoyatlarning oldini barvaqt toʻsish imkonini berdi.
Albatta, bunday natijalar tasodif emas. Buning zamirida ichki ishlar organlari xodimlari bilan joylardagi jamoatchilik vakillari oʻrtasidagi yaqin hamkorlik yotadi. Mahallalarda nuroniylar, jamoatchilik faollari va otinoyilarning ishtiroki keng. Hududdagi muhim masalalar ular bilan maslahatlashgan holda hal etilmoqda. Ayniqsa, oilaviy mojarolarni bartaraf etishda ularning hayotiy tajribasi va taʼsirchan soʻzi katta ahamiyat kasb etayotir. Profilaktika inspektorlarining aholi orasida faol ishtirok etishi esa bu hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda.
Bu holatni «Qahramon» mahalla fuqarolar yigʻini misolida ham koʻrish mumkin. Mazkur hudud profilaktika inspektori, leytenant Shohruxbek Xudoyberdiyev garchi yosh boʻlsa-da, mahalladagi hayotning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Uning odamlar bilan samimiy muloqoti, turli tadbirlarda mahalladoshlar bilan birga ishtirok etishi aholining ishonchini qozongan.
Saminjon HUSANZODA,
oʻz muxbirimiz.
Andijon viloyati.
