Mahallada kriminogen vaziyatni jilovlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini 

olish maq­sadida «fuqarobay» va «xonadonbay» ishlar samarasi oʻlaroq, aholi­ning bandligini taʼminlash, doimiy daromad manbayi bilan taʼminlash choralari koʻrildi. Jumladan, «Ayollar daftari»ga roʻyxatga olingan 95 nafar xotin-qizning qariyb 80 foizi bandligi taʼminlandi. Xuddi shunday, «Yoshlar daftari»da turgan Shahzod Soliyevga 100 million soʻm kredit olib berilgach, mebel yasash sexi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Natijada 

15 nafar yosh ishli boʻldi. 

– «Mahalla targʻibotchisi» jamoatchilik guruhlari aʼzolari aholi oʻrtasida samarali targʻibot-tashviqot ishlarini olib borgani jinoyat va huquqbuzarliklarning ol­dini olishda muhim oʻrin tutdi, – deydi profilaktika katta ins­pektori, podpolkovnik Faxriddin Yoʻldoshev.

Mahallada namunali koʻcha, namunali yoʻlaklar tashkil etildi. Kirish-chiqish joylariga 73 ta video­kuzatuv kamerasi, quyosh bata­reyasi orqali ishlaydigan 140 ta tungi yoritish chirogʻi va bir nechta tashvish va SOS tugmalari oʻrnatildi. Oʻrnatilgan kuzatuv kamerala­rining 8 tasi 

360 gradusli, 12 tasi yuzni tanib oluvchi, 6 tasi avtomashinalar davlat raqamini roʻy­xatga oluvchi kameralardir. Ushbu videokuzatuv moslamalari va tashvish tugmalari situatsion markaz hamda «Qalqon» dasturiga integratsiya qilindi. 

Amalga oshirilgan ishlar oʻzining ijobiy natijasini berdi. Mahalla joriy yilning avgust oyida «qizil»dan «sariq» toifaga oʻtkazildi. Ayni kunlarda esa mahallani «yashil» toifaga oʻtkazishga qaratilgan ishlar jadal davom etmoqda. 

Sodiq RAHIMOV,

oʻz muxbirimiz.

Qashqadaryo viloyati.