Bugungi kunda hududlarda xavfsiz muhit yaratish boʻyicha mahallalarda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida nizoli oilalarda oilaviy qadriyatlarni tiklash, mavjud nizolarni qonuniy hal etish, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “mahallabay” tarzida ishlar tashkil etilmoqda. Yana mahallalarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirish hamda aholi muammolarini manzilli bartaraf etish borasida hududlarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlari kuchaytirilmoqda. Xususan, viloyat IIB mutasaddi rahbarlari tomonidan kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda jinoyatchilik holati joyida muhokama qilib borilmoqda.
Yaqinda viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi, podpolkovnik Jonibek Boltayev boshchiligidagi masʼullar va mahalla mutasaddilari ishtirokida Qorakoʻl tumani “Chovli” mahallasida “mahallabay” muhokama yigʻilishi oʻtkazildi. Mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar birorta ham jinoyat qayd etilmagan boʻlib “yashil mahalla” sirasiga kirib, hozirda 1 ta ogʻir tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq jinoyat sodir etilishi mahallaning “sariq” toifaga kirishiga sabab boʻldi. Muhokamada mahallada sodir etilgan jinoyatning sabablari va uning kelib chiqishiga omil boʻlgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, jinoyatchilikning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi Buxoro shahridagi Hamid Olimjon nomli mahallada ham oʻtkazildi. Bu mahallada ayni kungacha 5 ta jinoyat qayd qilingan boʻlib, shundan firibgarlik, oʻgʻirlik, giyohvandlik vositasini saqlash, ogʻir va yengil tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq jinoyatlar bittadan sodir etilganligi bois kriminogen vaziyati ogʻir mahalla toifasiga kiritilgan. Muhokama jarayonida mahallada sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlari tinglandi. Jinoyatlarning sabablari va uning kelib chiqishiga omil boʻlgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilindi.
Ikkala mahallada ham kelgusida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida, “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi, hududiy IIBning tajribali xodimlaridan iborat yigʻma otryad faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan aniq koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
M.AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
