Har bir inson oʻz xiz­mat faoliyatida jamiyat, xalq, Vatanga naf keltirishni niyat qilsa, albatta, muvaffaqiyatga eri­shadi. Pastdargʻom tumani Ichki ishlar boʻlimi 1-sonli IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Asliddin Sultonov ham shunday ezgu niyatli xodimlardan hisoblanadi. 

Ayni damda «Ilm» mahallasida profilaktika inspektori lavozimida xiz­mat qilayotgan bu xodim shu yil 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni muno­sabati bilan Prezidentimiz farmoniga muvofiq «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi. 

Mahallada 5668 nafar aholi 1158 ta oilada isti­qomat qiladi. Lavhamiz qahramoni ular tinchligi va ahilligini taʼminlashga, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga masʼuliyat bilan yondashadi. Har kuni, har soat odamlar orasida. Mavjud masala va muammolarga qonuniy yondashib, yechi­mi yuzasidan huquqiy maslahat beradi, ayrimlarini birgalikda hal qiladi. Muqaddam sudlangan shaxslar bilan ochiq muloqot qilib, ularga oqilona ish tutishni, qilmishlarini takrorlamaslikni tushuntiradi. Hayot tajribasida koʻrgan, yaxshi tarafga oʻzgarib ketgan taqdirlardan hayotiy misollar keltiradi. Har bir qarorni puxta oʻylab qilishga chorlaydi. Shu bois, mahallada turli sabablar bilan roʻyxatda turuvchi shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilmadi. 

– Mahallamiz tinch, aholimiz xotirjam. Sababi mahallamiz profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Asliddin Sultonov oʻz ishiga masʼuliyatli. Vazifalarini qatʼiy tartib asosida bajaradi. Odamlarga har bir yangi qonun mazmun-mohiyatini, ularning el-yurt manfaatiga xizmat qilishini erinmay tushuntiradi. Shundan boʻlsa kerak aholimizning qonunlarga hurmati, tinchlik va obodonchilik ishiga daxldorligi ancha ortgan, – deydi mahalla raisi Shavqiddin Allayorov. 

U yoshlar, voyaga yetmagan bolalar tarbiyasiga ham alohida eʼtibor beradi. Darsga bormagan yoki kechasi koʻchada daydib yurgan bolalarni koʻrsa, darhol ota-onalari bilan gaplashadi. Bu harakatini takrorlaganlarga nisbatan esa qonuniy choralar koʻradi. Shu bois, koʻchada sangʻib yurgan yoki qoʻlida sigareti bor bolani, oʻsmirni uchratmaysiz.

– El tinchligini saqlash bir kishining ishi emas. Aholi hushyor boʻlmasa – oʻgʻirlik, qonunlarni hurmat qilmasa – oʻzaro nizo va janjallar koʻpa­yishi aniq. Shu bois, aholi huquqiy savodxonligini oshirishga, har bir nojoʻya xatti-harakatning sabab va oqibatini tushuntirishga alohida eʼtibor qaratdim. Baʼzan sodir etilgan 

jinoyatlarni ochishda uyqusiz tunlar, halovatsiz kunlarim boʻlgan. Ammo bu qiyinchiliklar meni choʻchitmaydi. Chunki, kasbimni sevaman. Bu mening taqdirimga aylangan, – deydi podpolkovnik A.Sultonov. – Ochigʻi bu mukofotda mahalla ahli­ning har bir fuqarosining hissasi, ulushi bor. Ammo u mahallaning masʼul vakili sifatida menga berilgani, el orasidagi hurmatimni, qadrimni oshirdi. Balki, shaksiz, gumonsiz qilin­gan xizmatning nafi oʻzingga koʻproqdir, degani shu boʻlsa kerak. Albatta, bundan keyin ham bor kuch va gʻayratim bilan Vatanimga xizmat qilaman. Mahallam tinch­ligi uchun qalqonman.

Beminnat xizmatidan baxt topgan inson haqiqiy saodat egasi. Uning xiz­matiga berilgan bu yuksak mukofot esa el tinchligi yoʻlida qilgan xizmatla­riga eʼtirof va munosib ragʻbatdir. A.Sultonovning turmush oʻrtogʻi Azizaxon bilan inoqlikda tarbiyalab oʻstirayotgan 2 qiz, 2 oʻgʻil ularga kelajak tayanchi va suyanchidir. 


Umida MAMADALIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.