IIV huzuridagi JIED tasarrufidagi Jiemda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi bosqichga koʻtarish, buyuk ajdodlar merosiga hurmat, mustaqillikka sadoqat, yuksak vatanparvarlik ruhini kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, Oltinchi mintaqaviy hudud tasarrufidagi 1-sonli jazoni ijro etish muassasasida ham “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi boshligʻi, shoir Shodmon Sulaymon, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi boshligʻi Marhabo Pardayeva hamda mintavaqiy muvofiqlashtirish markazi boshligʻi, podpolkovnik Shuhrat Rajabovlar ishtirok etib, yigʻilganlarga mamlakatimizda maʼnaviyat va maʼrifat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyati toʻgʻrisida kerakli tushunchalarni berib oʻtdilar.
Shundan soʻng “usta-shogird” anʼanalari asosida tashkil etilgan kasb-hunar oʻquv kurslarini muvafaqqiyatli tamomlagan 22 nafar mahkumga viloyat “Hunarmandchilik” uyushmasi bilan hamkorlikda tegishli sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Bu kabi tadbirlar mahkumlarning boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etishda, shuningdek, pushaymonlik hissini shakllantirib, oila va jamiyatga maʼnaviy sogʻlom boʻlib qaytishlariga yordam beradi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Shuhrat OʻRINOV,
podpolkovnik.
Buxoro viloyati.
