Ilk xizmat faoliyatini viloyat IIB JIEB 3-sonli tergov hibsxonasida nazoratchi sifatida boshlagan Jahongir Sharipov oradan toʻrt yil oʻtib, viloyat IIB EKBda ekspert lavozimida xizmatini davom ettirdi. Oʻziga nisbatan talabchanligi va izlanuvchanligi tufayli qahramonimiz ekspert-kriminalistlarning ishini puxta oʻrganib, tajribasini boyitib bordi. Voqea sodir boʻlgan joydan turli ashyoviy dalillarni olishda texnika vositalari imkoniyati va tajribali hamkasblari mahoratidan unumli foydalandi. 

Bundan tashqari, oʻtgan yillar davomida IIV Akademiyasidagi malaka oshirish kurslarida, IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazida, X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazida tahsil olib, sohaga oid bilim va malakasini oshirdi. Bir necha yoʻnalishda tadqiqotlarni mustaqil oʻtkazish toʻgʻrisidagi sertifikat va ruxsatnomaga ega. 

– Podpolkovnik Jahongir Sharipov tajribali xodimlardan, – deydi viloyat IIB EKM boshligʻi, podpolkovnik Bobir Fatullayev. – Jinoyatni fosh etishda sinchkovlik muhim. Chunki atrofdagilarga oddiy tuyulgan narsalar ham koʻpincha kalavaning uchini topishga asos boʻladi. Jahongir ana shunday oʻz sohasining ustasiga aylanib ulgurgan. Unga yosh xodimlarimiz havas bilan qaraydi, uning tajribalarini oʻrganishga harakat qilishadi. 

  Lavhamiz qahramoni «Eng yaxshi ekspert-kriminalist» koʻrik-tanlovining respublika bosqichida uchinchi oʻrin sohibi boʻlgan. Jahongir Sharipovning otasi, isteʼfodagi mayor Nasri Sharipov ham koʻp yillar viloyat IIBda turli lavozimlarda xizmat qilgan.  

– Bu sohaga qiziqishimga bolaligimda otamning xizmat faoliyati bilan bogʻliq voqealarni soʻzlab berishlari sabab boʻlgan, – deydi podpolkovnik J. Sharipov. – Otam «Malaka mehnat degani, qancha koʻp oʻz ustingda ishlasang, shuncha charxlanasan» derdilar. U kishining izidan borib kam boʻlmadim, kasbim bilan faxrlanaman. Xizmatda ozmi-koʻpmi muvaffaqiyatga erishgan boʻlsam, bunda doimo yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan, maslahat bergan ustozlarim qatorida rahmatli otamning ham hissasi katta. 

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.