Malika ayollar uchun oson boʻlmagan kasbni-osoyishtalik posboni boʻlishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Albatta, qiziqish, intilish, izlanish orzuga erishishning muhim omilidir. Buni yaxshi anglagan Malika Bogʻot tumanidagi 3-umumtaʼlim maktabini tamomlagach, Toshkent huquqshunoslik kollejiga oʻqishga kirdi. Huquq ilmini chuqurroq egallashga intilgan bu qiz sohaga oid adabiyotlarni qunt bilan oʻqidi, oʻrgandi. Kollejni bitirgach, IIV Akademiyasi qoshidagi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursiga hujjatlarini topshirdi. Malika ushbu sinovdan ham muvaffaqiyatli oʻtib, kursantlar safiga qabul qilindi. Oiladagi qatʼiy tartib-intizom uning bu ilm dargohidagi muhitga tezda koʻnikib ketishida oʻziga xos muhim oʻrin tutdi. Kichik serjant unvoni va malakali mutaxassis diplomiga ega boʻlgan Malika Matniyozova Toshkent shahar IIBB HPB huzuridagi voyaga yetamaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida xizmat faoliyatini boshladi. Zimmasidagi vazifaga masʼuliyat bilan yondoshish samarali natijalarga erishishning muhim omili ekanligini yaxshi anglagan lavhamiz qaxramoni yoshlarga xos gʻayrat-shijoat bilan xizmat qila boshladi. Huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishda bor bilim va mahoratini ishga soldi. Ustozlarining maslahatlariga, oʻgitlariga, nasihatlariga amal qildi. Zimmasidagi topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarishga intildi.
Oradan uch yil oʻtgach, kichik serjant M. Matniyozova xizmat faoliyatini oʻzi tugʻilib oʻsgan Xorazm viloyatida davom ettirishni soʻrab, Toshkent shahar IIBB rahbariyatiga murojaat qildi. Yosh boʻlsa-da, ijobiy yutuqlarga erishayotgan bu qizning murojaati koʻp oʻtmay qanoatlantirildi. Endi u xizmat faoliyatini Bogʻot tumani IIB M va FRB inspektori vazifasida davom ettirdi. Poytaxtda toʻplagan hayotiy tajriba bu yerda unga qoʻl keldi. Xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondoshgan kichik serjant Malika Matniyozova IIV Akademiyasini ham sirtdan tugatdi. Ayni kunda u Bogʻot tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi katta mutaxassisi lavozimida xizmat qilmoqda.
-Istiqlol tengdoshi boʻlganimdan faxrlanaman,-deydi lavhamiz qaxramoni leytenant Malika Matniyozova.-Chunki shunday dorilomon kunlar sharofati bilan tashkil etilgan nufuzli taʼlim dargohlarida oʻqidim va yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasb egasi boʻldim. Oʻn bir yillik xizmat faoliyatim mobaynida ozmi-koʻpmi yutuqlarga erishdim. Bu Istiqlolning menga bergan inʼomidir.
Hayot mashaqqati va qiyinchiliklarini yengib oʻtgan kishi albatta maqsadiga erishadi. Buni leytenant Malika Matniyozovaning hayoti va xizmat faoliyati misolida yana bir bor anglab yetdik.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
Xorazm viloyati.
