Yuksak mukofot sohiblari

Shoʻrchi tumanidagi Baxshitepa mahallasida yashovchi Begimoy Abdijabborova 72 yoshida Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasining tashakkurnomasini olganida, oʻgʻli Husniddinning bolaligi koʻz oldidan oʻtdi: 5 oʻgʻil va 2 qizning ichida eng kenjasi boʻlsa-da, Husniddin erkalik qilmas, ishdan esa, sira qochmasdi. Hatto akasi va opasi uchun oʻz orzusidan voz kecha olishdek jasorat ham koʻrsatgandi. Husniddin oliy oʻquv yurtiga shartnoma asosida oʻqishga kirgandi. Biroq ham akasi, ham opasi shartnomada oʻqiyotgani, ota-onasining qiynalib qolishini oʻylab, u oʻqishni tashlab, poytaxtda oʻqiyotgan talaba jigarlarining kam-koʻsti uchun ishlashga qaror qildi. 

Koʻp yillar shu tariqa mehnat qildi. Ammo kam boʻlgani yoʻq. Orada muddatli harbiy xizmatni oʻtab qaytdi. Soʻngra IIV Akademiyasining Serjantlar tarkibini tayyorlash boʻyicha oliy kurslarida tahsil oldi. Shundan keyin Sirdaryo viloyati IIB TXTBga qarashli Xovos temiryoʻl bekatidagi tarmoq IIB Chinoz temiryoʻl koʻprigini qoʻriqlash otryadi navbatchilik qismida inspektor-navbatchi vazifasida xizmatni boshladi. 

Husniddinning oliy maʼlumotli boʻlish orzusi ushalmagan boʻlsa-da, ota-onasining duosini olishdek baxtga muyassar boʻldi. Zero, ota-ona duosi kishini eng ulugʻ martabalarga koʻtarishi bor gap. 

... Kuzning salqin havosi hukmron tunlarning birida Husniddin navbatchilik oʻtardi. 

Tungi uchlar atrofida «Qumqoʻrgʻon» bekatiga poyezd kelib toʻxtadi. Vagonlar deyarli boʻm-boʻsh boʻlsa-da, Husniddin odatini tark qilmay, ularni koʻzdan kechira boshladi. Shu payt odamlarning shubhali pichir-pichiri qulogʻiga chalindi. Yuragi nimanidir sezganday, vagonlarni qayta-qayta tekshirishga undadi. Sirdaryoda ishlaganida vagonlarning yashirin joylarini qanday tekshirish kerakligini tajribada oʻrgangandi. Bu tajriba qoʻl keldi. U bittalab, vagonning ostki qismlarini ham sinchiklab qaradi va koʻzi bir narsaga tushdi-yu, yashin tezligida xayoliga kelgan oʻydan sergak tortdi. Zudlik bilan boshqarma navbatchilik qismiga va rahbariyatga shubhalari haqida xabar qildi. 

Bu orada poyezdning toʻxtash vaqti tugab, yura boshladi. Husniddin sakrab vagonga chiqdi, ammo ichkariga kira olmay, uch bekat shu alfozda ketdi. Toʻrtinchi bekatga yetganida bir amallab, vagonlardan birining ichkarisiga kirishga muvaffaq boʻldi. «Darband» bekatida esa Husniddinning xabari bilan yetib kelgan maxsus otryad vagonning yashirin qismiga berkitilgan katta miqdordagi giyohvand moddani topdi... 

Viloyat IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi «Qumqoʻrgʻon» bekatidagi boʻlinma navbatchilik qismi inspektor-navbatchisi vazifasida xizmat qilayotgan katta serjant Husniddin Yangiboyev katta miqdordagi giyohvand moddasini aniqlab, ushlashda jasorat koʻrsatgani uchun yuksak mukofotga tavsiya etildi.

Husniddin Yangiboyev bilan suhbatlashsangiz, uning yuragi toza, bir soʻzli mard yigit ekaniga amin boʻlasiz. Soʻzida ham, yuzida ham, hatto harakatlarida ham bir jaydarilik zohir ekanini koʻrasiz. Oʻz vazifasini sidqidildan ado etadigan tanti qahramonimiz Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida Prezidentimiz farmoni bilan jamiyatda tinchlik-osoyishtalik hamda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi samarali mehnati, sharafli va muqaddas burchini bajarishda mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun «Jasorat» medali bilan taqdirlandi. 

– Vatanni asrash, uni turli gʻaraz niyatli kishilardan himoya qilish shu diyorda tugʻilib, oʻsgan har bir yigitning burchidir, – deydi katta serjant Husniddin Yangiboyev. – Kamtarona xizmatlarim evaziga ushbu mukofotga munosib koʻrishganidan boshim koʻkka yetdi. Bildirilgan bunday yuksak ishonch meni yana dadillikka, fidoyi boʻlishga undaydi.

Hayotda yaqinlarini qadrlay bilish ham mardlik, jasorat aslida. Bunday odam qoqilsa ham, yiqilsa ham ogʻriqlar bilinmaydi. Chunki uni yelkasidan tutuvchilar, suyaguvchilar bor. Ularning mehri sinovlarni mardonavor yengishga yordam beradi. Quvonarlisi, Husniddinning bu fazilatlarini uning ulgʻayayotgan ikki farzandi ham koʻrib, oʻrnak olib oʻsayapti. 

Qahramonimizning diliga tukkanlari koʻp. U sirtdan boʻlsa-da, IIV Akademiyasida oʻqib, oliy maʼlumot olmoqchi. Biz ham uning niyati amalga oshishini va Husniddindek hamisha hushyor, mard oʻgʻlonlar safi koʻpayishini tilaymiz. 


Feruza RAHMONQULOVA,

«Postda» muxbiri.

Surxondaryo viloyati.