Viloyat IIB JXX Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida tarbiyalanayotgan bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash hamda jamiyatda oʻz munosib oʻrinlarini topishlariga koʻmaklashish maqsadida Buxoro shahridagi “Kasbiy koʻnikmalar markazi”ga maxsus sayohat tashkil etildi. Oʻsmirlar markazda yaratilgan sharoitlar va kasb oʻrganish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ular turli yoʻnalishdagi hunarmandchilik va zamonaviy kasblar boʻyicha olib borilayotgan amaliy mashgʻulotlarni bevosita kuzatib, oʻzlari uchun kerakli xulosalar olishdi. Bu esa ularning qalbida halol mehnatga boʻlgan hurmat va kelajakda biror kasbning egasi boʻlishga boʻlgan qiziqishni uygʻotishga xizmat qiladi.

Tadbirning ikkinchi qismida bolalar maʼnaviy ozuqa olishlari uchun viloyat Bolalar kutubxonasiga taklif etildi. Ziyo maskanida ular oʻzlarini qiziqtirgan badiiy va ilmiy adabiyotlarni koʻzdan kechirdilar. Kutubxona mutaxassislari tomonidan yosh kitobxonlarga qanday asarlarni mutolaa qilish foydali ekanligi, kitob oʻqishning inson tafakkuriga ijobiy taʼsiri haqida qimmatli tavsiyalar berildi.

Mazkur sayohatlar voyaga yetmaganlarning vaqtini mazmunli oʻtkazish bilan birga, ularni toʻgʻri kasb tanlashga yoʻnaltirish va kitobga boʻlgan mehrini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Shahnoza IBODOVA,

kapitan.

Buxoro viloyati.