Baʼzan mashinamizdan shoshib tushayotib, qulflash uchun pulʼt tugmachasini bosamiz-da, zarur ishimizga shoshamiz. Ammo shunday kezlarda qaysidir eshik yaxshi yopilmagani ochiq qolib ketishi mumkin. Bu eʼtiborsizligimiz bilan kimdir salondagi narsalarni oʻgʻirlashiga imkon yaratib bergan boʻlamiz.
Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Markaziy Surxon” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi O.S. bilan ham shunday holat yuz berdi. Natijada unga tegishli “Lasetti” rusumli avtomashina salonidan 800 ming soʻmlik antiradar apparati va 1 million 200 ming soʻm pul oʻgʻirlab ketildi.
Fuqaro mazkur holat boʻyicha tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgach, koʻrilgan choralar ushbu oʻgʻirlik jinoyatini shu mahallada yashovchi K.A. sodir etganini oydinlashtirdi.
Hozirda holat yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.
Feruza RAHMONQULOVA,
“Postda” muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
