Navroʻz – umumxalq bayrami nishonlanayotgan kunlari Andijon viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati masʼullari Buloqboshi tumani «Shirmonbuloq» MFYdagi 32-xonadonga tashrif buyurib, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan taʼsis etilgan «Moʻʼtabar ayol» koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan 82 yoshli Dilbarxon Jalolovaga mukofotni oila davrasida topshirishdi.

Onaxonning quvonchdan koʻzlari porladi. Bu mukofot uzoq yillik halol xizmatlari, qolaversa, farzandining qahramonligi ortidan munosib koʻrilganligi uni gʻururlantirdi. Oʻgʻli Halimjonning yorqin xotirasi kasbdoshlari qalbida mudom saqlanayotganidan koʻngli togʻdek koʻtarildi.

Shu kuni kechga qadar Dilbarxon ayani yoʻqlovchilar tinmadi. Barcha uni matonatli ayol, qahramon farzandning onasi sifatida qutladi. Bu taqdirlovdan soʻng qalbini ming bir hislar chulgʻab oldi. Oʻtgan hayot yoʻllarini, topgan va yoʻqotganlarini yodga oldi. Kenjatoyi, nuridiydasi Halimjonning haqqiga duo qildi. 

Agar hozir Halimjon Jalolov hayot boʻlganida, 49 bahorni qarshilardi. Afsuski, gʻaraz niyatli yovuz kimsalar uni yashamoq baxtidan barvaqt judo etdi. U 2005-yilning 13-may kuni oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda, tish-tirnogʻigacha qurollangan dushmanning oʻqidan halok boʻldi. Oʻlimidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan, «Jasorat» medali bilan mukofotlangan.

Halimjon bilim yurtida mashinist-texnolog yoʻnalishi boʻyicha tahsil olgach, harbiy xizmatga yoʻl oldi. Soʻngra posbon lavozimida faoliyat yuritib, 2000-yil Andijon shahar IIBga qarashli Qoʻriqlash boʻlimida ish boshladi.

Oiladagi yetti farzandning kenjasi boʻlgan Halimjonni feʼl-atvori koʻproq onasiga oʻxshardi. 

– Bolam mehnatkash, ochiqkoʻngil edi. Orzulari koʻp edi. Vatan uchun jonini ayamaganidan gʻururlanib yuraman, – deya farzandini xotirladi Dilbarxon aya. 

Ogʻir judolikka sabr ila dosh bergan, uni hayotning bir sinovi deya qabul qilgan bu mehridaryo onaxon haqida koʻpchilikdan juda iliq fikrlarni eshitdik. Uni tanigan inson borki, ayaning odamoxunligi, shirinsoʻzligi, mehnatkashligi, tinib-tinchimasligini aytib alqadi. 

Dilbarxon aya uzoq yillar farmasevtika sohasida faoliyat yuritgan. Pensiyaga chiqqach, mahalla fuqarolar yigʻinida maslahatchi boʻlib ishladi. 

80 yoshiga qadar el-yurt, mahalla-koʻy tinchligi, obodligi yoʻlida tinim bilmadi. Tumandagi hech qaysi tadbir Dilbar ayasiz oʻtmagan. Koʻp masalalarda uning maslahatiga quloq tutishardi. Insulʼt tufayli harakati cheklanib qolganidan buyon jamoat ishlarida qatnasha olmayapti. Ammo hayotining yorqin sahifalari yoshlarga tarbiya berish, jamiyat uchun faol xizmat qilish kabi ezgu amallar bilan bezak topdi. 

– Ukam gullarni rosa yaxshi koʻrardi. Doim gul koʻtarib kelardi, — deya xotirlaydi opasi Mehrinsa Quvvatova. – Biz turmushga chiqib ketganimizdan keyin ham har bayramda uyimizga sovgʻa koʻtarib borib, yoʻqlashni sira kanda qilmagan. Oʻzgacha mehrli edi ukajonim. «Hovlimizning hamma joyini gulzorga aylantiraman» derdi. Koʻngli ham gul kabi xushboʻy boʻlgan jigarimning. 

Shirmonbuloq qishlogʻida namunali oila sifatida eʼtirof etiluvchi bu xonadon 

aʼzolarining deyarli barchasi ibratga loyiq. Rahmatli Sotvoldi togʻa va Dilbarxon aya yetti farzandining hammasini oʻqitdi, hunarga yoʻnaltirdi. Halimjonning yolgʻiz oʻgʻli Muhammadxalil Andijon davlat universiteti tarix fakulʼteti bitiruvchisi. Maqsadi – ota izidan borib, jamiyatga halol xizmat qilish. Halimjon bilan nafaqat yaqinlari, balki butun qishloq faxrlanadi. U taʼlim olgan Buloqboshi tumanidagi 45-maktabda qahramon xotirasiga «Jasorat burchagi» tashkil etilgan. Maydonga oʻrnatilgan yodgorlik yoshlarda vatanparvarlik, oʻtgan kunlardan saboq olish tuygʻularini shakllantiradi. Oʻqituvchi va oʻquvchilar maktab direktori Irodaxon Abdullaeva yetakchiligida har bir bayram va tadbirlarda marhumning xonadoniga kelib, uni xotirlaydi, yaqinlarining holidan xabar oladi. Ha, biz oʻz qahramonlarini hech qachon unutmaydigan millatmiz. 

Nigora MIROLIM qizi,

oʻz muxbirimiz. 

Andijon viloyati.