Kuz-qish mavsumida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish maqsadida Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi qoshida ishchi guruhi tuzilgan boʻlib, muntazam ravishda hududlarda oʻrganishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Buvayda tumanida olib borilgan oʻrganishlar davomida “Oqtepa” MFY hududidagi 19-oilaviy poliklinikadagi sharoitlar, isitish tizimi koʻzdan kechirildi. “Beglar” MFYda joylashgan AYoQShda ham oʻrganishlar olib borildi.

“Qoratepa”, “Shoʻr”, “Pishagʻar”, “Qoʻrgʻonobod”, “Bachqir”, “Ponsod” MFYlarda ham gaz va elektr bilan bogʻliq muammolar aniqlanib, ularga yechim topish yuzasidan tezkor chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Buvayda tumani dehqon bozorida esa sotuvchi va xaridorlar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Uchkoʻprik tumanida tuman markaziy shifoxonasining terapiya boʻlimi hamda Qumariq qishlogʻida joylashgan yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi issiqlik tizimi koʻzdan kechirildi.

“Yakkatut” MFYdagi AYoQShda, “Yangiyoʻl”, “Poloxon”, “Istiqbol” MFYlarida olib borilgan oʻrganishlarda ham bir qator kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari koʻrildi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.