Buxoro viloyatida xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda jamiyatdagi faolligini oshirish maqsadida “Men kuchli ayolman” maxsus profilaktik oyligi oʻtkazilmoqda. Ushbu oylik doirasida viloyat boʻylab muayyan daromad manbaiga ega boʻlmagan, ishsiz hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularni qiynayotgan hayotiy muammolarni ijobiy hal etish maqsadida bir qator manzilli tadbirlar olib borilmoqda.

Yaqinda Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va hamkor tashkilotlar masʼullari ishtirokida maxsus seminar-trening tashkil etildi. Ochiq muloqot davomida xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilik va turli huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, oila institutini yanada mustahkamlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, xalqimizga xos boʻlgan umuminsoniy va milliy qadriyatlarni keng targʻib etish orqali oilalarda sogʻlom maʼnaviy va ruhiy muhitni qaror toptirish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Uchrashuv yakunida oʻz kelajagini mustaqil qurish va muayyan kasb-hunar oʻrganish istagini bildirgan 6 nafar xotin-qizlarimiz monomarkazga maxsus oʻquv kurslariga roʻyxatga olindi. Endilikda ular ushbu dargohda kasblar sirlarini oʻrganib, kelgusida oʻzlarining doimiy daromad manbaiga ega boʻlish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

Xolida TOYIROVA,

mayor.

Buxoro viloyati.