Joriy yilning 18-oktabr kunidan 18-noyabr kuniga qadar Xorazm viloyati hududida “Voyaga etmaganlar va yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarining barvaqt oldini olish, uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan oilalarda tarbiyalanayotganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish oyligi” deb eʼlon qilindi.
Yaqinda mazkur oylik doirasida Bogʻot tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabida “Boʻsh ish oʻrinlar mehnat yarmarkasi” tashkil etildi. Yarmarkaga tuman hududidagi davlat va nodavlat tashkilotlari, tadbirkorlik subʼektlari, mini texnologiyalarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, tijorat banklari, shuningdek, tadbirda ishtirok etish istagini bildirgan boshqa jismoniy va yuridik shaxslar taklif qilindi. Mehnat yarmarkasida bandligi taʼminlanmagan yoshlar, maktab bitiruvchilari, qizil toifaga kiritilgan hamda profilaktik hisobda turgan shaxslar ishtirok etdi.
– Oʻtkazilgan tadbirda tumandagi 69 ta korxona va tashkilot 247 ta boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi, – deydi tuman IIB boshligʻi, 3-sektor rahbari, podpolkovnik Ergash Axmedov. – Yarmarkaga jalb qilingan 86 nafar fuqarodan 64 nafarini yoshlar, 49 nafarini ayollar, 26 nafarini taʼlim muassasalari bitiruvchilari tashkil etdi. Boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasida jami roʻyxatga olingan fuqarolardan 10 nafari tumandagi korxona va tashkilotlarga, fermer xoʻjaliklariga doimiy ishga joylashtirildi. Shuningdek, 10 nafar yoshlarga kasb-hunarga oʻqitish va qayta tayyorlash markazlariga yoʻllanmalar berildi.
Uchinchi sektor rahbari tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar davom etmoqda.
Xudoybergan JABBOROV,
o ʼz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
