Halol mehnat qilib pul topishga boʻyni yor bermagan buxorolik A.Salim (voqea ishtirokchilarining ism-sharifi oʻzgartirildi) tilanchilik bilan shugʻullanishga qaror qildi. Buxoroda ishi yurishmagach, odamlar gavjum shaharlardan biri – Xivaga keldi. Qarangki, bu yerda tez ishi yurishib ketdi. Bir necha kun ichida moʻmaygina daromadga ega boʻldi. Ammo boriga qanoat qilmay, yanada koʻproq pul topish yoʻllarini izlay boshladi.
Kun boʻyi tilanchilik qilib yurgandan koʻra, biror joyni «tozalab», katta daromadga ega boʻlishni afzal koʻrdi. Shu niyatda Xiva tumanidagi Otajon Toʻra mahallasida joylashgan fuqaro Abdulla Bobojonovga tegishli oziq-ovqat doʻkonini koʻz ostiga oldi.
Salim tungi soat taxminan toʻrtlarda doʻkon yaqiniga kelib, yon-atrofni kuzatdi. Hamma yoq tinch, odamlar shirin uyquda. Atrofda hech kim koʻrinmaydi. Fursatdan foydalangan yigit bir zumda doʻkon eshigini buzib ichkariga kirdi va u yerdan 700 AQSH dollari hamda
4 million 300 ming soʻm pulni olib, juftakni rostladi. Rejasi osongina amalga oshganidan xursand boʻlgan tungi talonchi erta tongda Buxoroga, uyiga qaytdi.
Oʻgʻrilikdan xabar topgan doʻkon egasi darhol tuman Ichki ishlar boʻlimiga xabar berdi. Hodisa joyiga yetib kelgan tergov-tezkor guruhi xodimlari jinoyat tafsilotini sinchkovlik bilan oʻrgana boshlashdi. Doʻkon va yon atrofdagi kuzatuv kameralari koʻzdan kechirildi. Ammo oʻgʻrining yuzini tanib olish va shaxsiga oydinlik kiritishning imkoni boʻlmadi. Ekspertlar – mayor Hurmat Xoʻjayev va leytenant Gulyor Komilova eshik va deraza romlaridan tortib kishi eʼtiborini tortmaydigan mayda buyumlargacha koʻzdan kechirishdi. Natijada 13 ta yaroqli qoʻl-barmoq izi aniqlanib, viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markaziga taqdim etildi. Oʻrganishlar natijasida ushbu izlar A.Salimga tegishli boʻlib chiqdi. Zudlik bilan gumondorni izlab topish choralari koʻrildi.
Dastlabki soʻroq payti u suvdan quruq chiqishga rosa harakat qildi. Ammo inkor etib boʻlmas dalillar Salimni shoshiltirib qoʻydi va u qilmishini tan oldi.
– Meni shayton yoʻldan urdi, – deydi A.Salim suddagi koʻrsatmasida. – Tilanchilik bilan shugʻullanib yurgan kishidan hech kim shubhalanmasa kerak, deb oʻylagandim. Yanglishgan ekanman. Ertasi kuniyoq qoʻlga tushdim. Bu ishimdan juda afsusdaman.
Xullas, jinoyat jazosiz qolmaganidek, Salim ham qilmishiga yarasha jinoiy javobgarlikka tortildi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
