Bugun milliy adib, millatning jonkuyar ijodkori Abdulla Qodiriyning tavallud kuni. Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894-yil Toshkentda tugʻilgan. Adib oʻzining ilk nashr etilgan asarlarida – “Xotinboz” (1915) va “Baxtsiz kuyov” (1915) hikoyalarida eski oʻzbek turmushining chizgilari hajviyona ifodalangan. 1915-1917-yillar Qodiriy Abdul Qosim madrasasida arab va fors tillarini astoydil oʻrganadi.

1924-1925-yillarda V. Y. Bryusov nomidagi Moskva adabiy kurslarida oʻqiydi, soʻngra, 1925-1926-yillar Toshkentda, “Mushtum” oʻzbek hajviy jurnalida ishlaydi. Qodiriyning roman va qissalari (“Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”), shuningdek, jamoaviy ijodi (“Obid Ketmon” qissasi) XIX asr toshkentlik va qoʻqonlik oʻzbeklar hayotiga bagʻishlangan. “Oʻtgan kunlar” romani katta shuhrat qozongan. Barcha ziyolilar ushbu kitobni oʻqishga intilgan. Va hatto, savodsiz kishilar uni tinglash uchun guruh boʻlib toʻplanishgan. Koʻplab oʻzbek oilalarida romanning Otabek va Kumush qahramonlarining ismlari paydo boʻla boshlagan.

U 1937-yilning 31-dekabrida “xalq dushmani” sifatida hibsga olinadi. Bunga hasadgoʻy “qalamkash hamkasblari” qoʻl urgan. 1938-yilning 4-oktabr kuni yozuvchi otib tashlangan, oʻlimidan soʻng oqlangan. Toshkentdagi Xoʻja Alambardor (Kamolon) qabristoniga dafn etilgan.

Adibning toʻngʻich farzandi Habibulla Qodiriyning xotirlashiga koʻra, u otasidan “Qaysi oy-kunda tugʻilgansiz?” deb soʻraganida, otasi kulib, “Oʻrik gulida tugʻilganman. Taxminan 10-aprelda boʻlsa kerak”, degan ekan. Ana shu ikki maʼlumot asosida oʻzbek xalqi, Abdulla Qodiriy ijodi muxlislari har yili 10-aprelda adibning ramziy sagʻanasini ziyorat etib, uning xotirasini eʼzozlab keladi.