Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida Ichki ishlar vazirligi qoʻshinlarini tayyorlash kafedrasining tashabbusi bilan “Qoʻriqlanayotgan obʼektlarni texnik jihatdan taʼminlashdagi dolzarb muammolar va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda IIV Harbiy tuzilmalarning faoliyatini taʼminlash bazasi, Qorovul va Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash hamda Mudofaa vazirligi Toifalangan obʼektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari, IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universitetining malakali mutaxassislari, Qurolli Kuchlar Akademiyasi tinglovchi va kursantlari ishtirok etishdi.
Tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham davlat ahamiyatiga molik, strategik toifalangan va tartibotli obʼektlarni ishonchli qoʻriqlashni tashkil etishda texnik qoʻriqlash vositalarining oʻrni, shu bilan birgalikda, mazkur yoʻnalishdagi muammolar va ularning yechimlari toʻgʻrisida fikr yuritish, shuningdek, qoʻshinlarning boy tajribaga ega mutaxassislarining faoliyatini oʻrganish hamda anjuman materiallaridan boʻlajak ofitserlarni oʻqitish va tarbiyalash jarayonida keng foydalanish maqsad qilib olindi.
Anjumanda soʻzga chiqqan Qurolli Kuchlar Akademiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik M. Xonsaidov, IIV qoʻshinlarini tayyorlash kafedrasi boshligʻi, podpolkovnik O. Toʻraxoʻjayev hamda Jamoat xavfsizligi universiteti katta oʻqituvchisi, podpolkovnik N. Mastonov va boshqalar obʼektlarni qoʻriqlashni tashkillashtirish va amalga oshirishda boʻlgʻusi kadrlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy mahorati hamda ularning vatanparvarlik fazilatlarini kuchaytirishga yanada koʻproq ahamiyat qaratish zamon talabi ekanligini taʼkidlashdi.
Qizgʻin va munozaralarga boy tarzda oʻtgan davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan takliflar muhokama qilinib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Jasur RAHMATOV,
podpolkovnik.
