Jinoyat ishlari boʻyicha Chust tuman sudi raisi tomonidan 18 nafar nazorat ostidagi shaxslarga oid ish hujjatlari koʻrib chiqildi hamda kiritilgan taqdimnomalar qanoatlantirildi. Ular jinoyat kodeksining 73-moddasiga binoan muddatidan avval shartli ravishda ozod etildilar. Bu esa yangi imkoniyat, bildirilgan ishonchni oqlash uchun muhim qadamdir.

Ular orasida Turgʻun (ismi oʻzgartirildi) ismli fuqaro ham bor. U tayinlangan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosining 9 oyini oʻtadi. Berilgan jazo muddatini namanuli oʻtagani, qilmishidan chin dildan pushaymonligi inobatga olinib, oʻtalmagan 1 yilu 3 oyi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan oʻzgartirildi va muddatidan avval shartli ravishda ozod etildi.

— Hech qachon jahlga erk bermaslik kerak ekan. Arzimagan dahanaki tortishuvdan boshlangan mojaro jahlni jilovlay olmaslik tufayli sudgacha yetib bordi. Oilam, farzandlarim oldida yuzim shuvit boʻlgani qoldi...

Hamma ham xato qilishi, adashishi mumkin. Ammo qilgan xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarish, kelgusi hayotini esa ezgu maqsadlar sari yoʻnaltirish toza qalbli insonlargagina xos jihat. Ishonamizki, muddatidan avval shartli ravishda ozod etilgan shaxslar xatolaridan oʻzlariga kerakli xulosa chiqarib olishdi.

Adolat FAYZIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Namangan viloyati.