Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov haftaning har shanba kuni shaxsiy qabul oʻtkazadi. Mazkur qabul bir qancha fuqarolarning muammolarini hal qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu yilning 7 oktyabrida Zafarobod tumani Pistalikent shaharcha fuqarolar yigʻini Movounnahr koʻchasi 29-uyda yashovchi 62 yoshli Muhabbat Burxonova tomidan chakka oʻtadigan uyini taʼmirlash yuzasidan yordam soʻrgandi.
Koʻp oʻtmay murojaatchining xonadoniga 3-sektor ishchi guruhi tomonidan 85 dona shifer, 3 ta deraza, 2 ta eshik romlari keltirildi. Bir qator sohalar, xususan ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida hashar uyushtirilib, binoning tomi toʻliq yangilandi. Eshik va derazalar oʻrnatilib, bir xona pollandi. Tabiiyki, bu yordamdan Muhabbat momo xursand.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
