Oʻzligini yoʻqotmagan bemor
Yuqoridan ishlarimizni tekshirgani kelgan terak boʻyli yigit jahl bilan xonamga kirib keldi:
— Qaroqchilar! Yulgʻichlar! — dedi u oʻzini bosolmay.
— Ha, akaxon, tinchlikmi? — deb soʻradim qoʻshqoʻllab soʻrasharkanman.
— Eshikdan kirib, «Bosh hakimning oldiga qanday boriladi?» deb soʻradim. Bittasi «Oborib qoʻyaymi?» dedi. «Mayli!» desam, u qoʻlimdan sudrab, «Ving! Ving! Qigʻ-qigʻ! Gunggg!» deb ellik qadamcha yurdi-da, «Mana shu yerdan toʻgʻri kirasiz, ellik soʻm bering!» dedi. Qoʻrqib ketib, berdim. Ellik metr joyga ellik soʻm olsa… Shuyam insofdanmi?
— Xafa boʻlmang, aka, — dedim kulumsirab. — U bu yerga tushmasdan oldin taksichilik qilardi.
Bu jinni boʻlsa
Shuncha koʻrgilik kamday, yana bittasi daraxtga chiqib olibdi.
— Pastga tush!— dedim.
— Tushmayman! — u bamaylixotir javob qildi.
Aldab koʻrdim, doʻq urdim — gapim taʼsir qilmadi. Qorovulning miltigʻini olib kelib doʻq urdim:
— Tush, boʻlmasa otaman!
— E, otsangiz otavering, tushmayman! — u qaysarligini qoʻymadi.
Birortasini yordamga chaqiray deb ichkariga yurdim.
— Tush, otaman!— degan ovoz keldi orqamdan.
Qayrilib qarasam, esginam qursin. Xayol bilan boʻlib miltiqni daraxtga suyab ketavergan ekanman. Miltiq bir bemorning qoʻlida turardi. Sherigi uning doʻqini eshitgan zamoni «tapur-tupur», «shapur-shupur», «gup» etib yerga tushdi. Juda xafa boʻlib ketdim: bosh hakim boʻla turib, bitta bemorchalik ham obroʻyim yoʻq ekan.
— Bunaqa emas-da, endi, — dedim ogʻrinib. — Men senga yalinib koʻrdim — tushmading, doʻq qildim — tushmading, katta vaʼdalar berdim — tushmading! Bu bir marta aytganda yerga qoʻnib qolding-ku? Nima, uning shoxi bormi?
— Shoxi-ku yoʻq, — javob qildi shovvoz, — ammo, doʻxtir, sizning aqlingiz bor, baribir otmaysiz. Bu jinni boʻlsa, tushmasam, «paq» etib otib qoʻyardi-da!
Pachoq boʻlgan «yongʻoqlar»
Birorta jonliq soʻyib, is-pis chiqarib yubormasak boʻlmaydi, shekilli, shifoxonamizdan balo-qazo arimay qoldi. Mana, eng oxirgi natijalar: uchta «yongʻoq»ning qoʻli chiqdi, beshtasining boshi yorildi, toʻrttasining oyogʻi sindi. «Pishmagan yongʻoq» hali oʻziga kelgani yoʻq.
— Yongʻoq-yongʻoq oʻynaymiz! — dedi oqsoqollari. — Hamma yongʻoqlar daraxtga chiqsin!
Yigirmatasi daraxtga chiqibdi.
— Yongʻoqlar, tayyormisizlar? — soʻrabdi oqsoqol.
— Tayyormiz! — hammasi joʻr boʻlib javob qilishibdi.
— Unda pishdik! — deb oqsoqol shaxsiy namuna koʻrsatib oʻzini yerga otibdi.
Uning ketidan birin-ketin hammasi «Gurs! Top! Gum!» etib «pishib» tusha boshlabdi. Dod-faryodni koʻrib bitta aqllirogʻi ayri shoxni mahkam quchoqlab olgancha turganmish.
— Sen pishmaysanmi? — sogʻ qolgan «yongʻoq»lardan biri soʻrabdi.
— Men hali uncha pishganim yoʻq! — u qaltirab javob qilibdi.
— Ur-e-e — sheriklari xursand baqirishibdi. — Pishmaganini urib tushiramiz! — deyishib tosh bormi, gʻisht bormi, unga ota boshlashibdi.
Bir-ikki yegan «yongʻoq»:
— Pishdim-pishdim, — deb oʻzini yerga otibdi.
