(26 apreldan 2 maygacha)

Qoʻy. Dastlabki uch kun biroz ogʻir kechadi. Oʻzaro tushunmovchilik va murosaga kelmaslik atrofdagilar bilan munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Haftaning ikkinchi yarmida kayfiyatingiz koʻtarilib, qoʻl urgan ishlaringiz oson va yengil hal boʻla boshlaydi. Dam olish kunlarini oilangiz davrasida oʻtkazing.

Buzoq. Shu kunlarda sizdan ham jisman, ham ruhan bardoshli boʻlish talab etiladi. Kutilmagan muammolar yuzaga kelishi mumkin. Bu davrda his-hayajonlaringizni boshqarib, imkon boricha bosiqlik bilan harakat qiling. Hafta soʻngiga borib barcha masalalar birin-ketin hal boʻlib, hotirjam dam olish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

Egizaklar. Ayni davr oʻzingizga vaqt ajratish uchun qulay vaqtdir. Ishda ragʻbatlantirish olish yoki lavozimingiz koʻtarilishi ehtimoli yuksak. Lekin hissiyotga berilib, xatoga yoʻl qoʻyish mumkin boʻlgan vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun har bir ish-harakatni yaxshilab oʻylab koʻrib, soʻngra amalga oshiring. Dam olish kunlari imkon qadar oila davrasida hordiq oling.   

Qisqichbaqa. Hafta boshi ogʻir va muammoli kechadi. Bu kunlarda beparvolik tufayli xatoga yoʻl qoʻyishingiz, atrofdagilar bilan ziddiyatli vaziyatlar yuzaga kelishi, ish samaradorligi pasayishi mumkin. Har qanday janjal va tortishuvlardan uzoq turib, hech kim bilan nizoga bormaslikka harakat qiling. Haftaning soʻng kunlarini oilangizga bagʻishlab, sokinlikda oʻtkazing.

Arslon. Jamoatchilik ishlarini shaxsiy hayotingiz bilan birga olib borishga harakat qiling. Davr bilan hamnafas boʻlib, bor bilimlarni yangilari bilan uygʻunlashtiring. Xizmatdoshlar uchun umumiy manfaatlarni koʻzlovchi insonga aylaning. Jizzakilik va taʼsirchanlikni unuting, faqat shundagina muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin.

Parizod. Ushbu hafta sizga uzoq kutilgan sokin hayotni tuhfa etadi. Osoyishtalik va farogʻat uygʻunligini buzmaslik uchun har qanday vaziyatda oʻzingizni tutib, ogʻirroq boʻlishga harakat qiling. Bu davr yangi rejalar tuzish va ularni amalga oshirish yoʻllarini izlash uchun juda qulay.

Tarozi. Shu haftada oʻrnatilgan munosabatlar muvaffaqiyatli va yuqori darajada kechadi. Ammo yangi ishlarga kirishish uchun bu davr toʻgʻri kelmaydi. Moliyaviy masalalarda tejamkor boʻling, chunki belgilangan maqsadlarga erishish uchun pul jamgʻarish zarur. Rejalaringizni hech kimga ayon qilmay, uning amalga oshishiga aniq ishonch hosil qilgunga qadar sir saqlaganingiz maʼqul.

Chayon. Kirib kelayotgan haftada sizni yangi taassurotlar va yorqin his-tuygʻular kutmoqda. Salomatlikka jiddiy eʼtibor qaratib, oʻzingizga biroz dam bering va kelgusi uzoq muddat uchun kuch-quvvat yigʻing – bu sizga hozir juda zarur. Oila aʼzolaringizga koʻproq vaqt ajratishga harakat qiling. Dam olish kunlari ular bilan birgalikda tabiat qoʻyniga sayrga chiqing.

Oʻqotar. Hafta boshi faol va qatʼiy harakatlarni talab etadi. Yangi tanishuvlar nafaqat foyda olib keluvchi aloqalarni oʻrnatish, balki ajoyib insonlar bilan tanishish imkoniyatini beradi. Ishbilarmon odamlar uchun bu hafta omadli keladi. Hamkasblar bilan munosabatlar mustahkamlanadi, lekin oilaga yanada koʻproq eʼtibor qaratish talab etiladi. 

Togʻ echkisi. Baʼzi ishlar koʻngildagidek ketmayotgan boʻlsa, tushkunlik va umidsizlikka tushmang. Tez orada bularning hammasi yaxshilikka boʻlganini anglab yetasiz. Shaxsiy hayot borasida hushyor va sinchkov boʻlgan maʼqul. Biron tanlov oldidan koʻp karra yaxshilab oʻylab koʻrishni unutmang. Bu hafta ish bilan bogʻliq uchrashuvlar uchun muvaffaqiyatli davrdir. Omadingizni qoʻldan boy bermaslikka intiling.

Qovgʻa. Dushanba va seshanba kunlari moliyaviy ahvolingiz yaxshilanib, shu kunlarda sarmoyali takliflar olishingiz mumkin. Ayni hafta faol harakatlar davri boʻlib, kelgusi muvaffaqiyatlarga erishish va faoliyatda yordam beruvchi foydali aloqalarni oʻrnatish uchun yaxshi imkoniyatdir. Hordiq kunlarida barcha uchrashuvlarni bekor qilib, vaqtni huzur va halovatda oʻtkazgan maʼqul.

Baliq. Mazkur hafta siz tanlagan yoʻl toʻgʻri va samarador ekanini koʻrsatadi. Koʻtarinki kayfiyat atrofdagilar va yaqinlaringiz bilan munosabatlarga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻz mablagʻlaringizni natijali loyihalarga sarflang. Fikr-oʻylaringizga quloq tutib harakat qiling, ular chinakam yoʻnaltiruvchi kuch hisoblanadi. Lekin chetdan aytilgan foydali maslahatlarni ham beʼetibor qoldirmang.