Soʻnggi yillarda Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ham koʻplab yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda. Boshqarma binosi qayta taʼmirlanib, xodimlarning samarali xizmat qilishi uchun munosib shart-sharoit yaratilmoqda. Sohaga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari joriy etilyapti.
Yaqinda viloyatdagi 4 ta sektor rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar boshliqlari va faxriylar boshqarmada boʻlib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlar “102” axborot markazi faoliyatini koʻzdan kechirishdi. Mutaxassislar markazga oʻrnatilgan yangi raqamli texnologiyalar va ularning ishlash imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berishdi.
Shuningdek, tadbir qatnashchilari yangi tashkil etilgan 1-mintaqaviy muvofiqlashtirish boshqarmasi faoliyati va binoda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirishdi. Boshqarma hovlisida sohada foydalanilayotgan yangi harbiy texnika, avtotransport vositalari va qurol-aslahalar koʻrgazmasi ham mehmonlarda yaxshi taassurot qoldirdi.
Koʻrgazmada tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi hamda patrulʼ-post xizmati xodimlari oʻzlari ishlatayogan harbiy texnikalar va erishayotgan yutuqlari haqida soʻzlab berishdi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
