Samarqand shahridagi Vatanparvar bogʻida respublika ishchi guruhi tomonidan sud-huquq masalalari yuzasidan ommaviy sayyor qabul boʻlib oʻtdi. Unda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov ishtirok etib, jismoniy hamda yuridik shaxslarning muammolarini tingladi. Bu haqida viloyat IIB axborot xizmati xabar qiladi.  

Qayd etilishicha, sayyor qabul jarayonida fuqarolardan tergov,  firibgarlik, oʻgʻirlik holatlari hamda bandlikni taʼminlash bilan bogʻliq 40ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Va ularning koʻpchiligi joyida ijobiy hal etilgan. Ayrim murojaatlar yuzasidan tegishli muddatlar belgilanib, masalalar yechim topish uchun mutasaddilarga topshiriqlar berilgan.

Shuningdek, ommaviy sayyor qabul jarayonida 19 nafar probasiya nazoratida boʻlgan shaxslar insonparvarlik tamoyillari asosida muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod etildi. 

Tadbir doirasida 3 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yurtimiz fuqaroligi hamda 7 nafar birinchi marotaba pasport olayotgan yigit-qizlarga ID kartalari tantanali ravishda topshirildi. 

Bu kabi ommaviy sayyor qabullar boshqa hududlarda ham davom etmoqda.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

“Postda” muxbiri.

Samarqand viloyati.