Toshkent viloyati IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi tezkor-qidiruv tadbiri davomida Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi nomidan soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarning pul mablagʻlarini oʻzlashtirib kelgan jinoiy guruh fosh etilib, guruh aʼzolari qoʻlga olindi.
Dastlabki surishtiruvlarga koʻra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yoshli 5 nafar shaxs oʻzaro jinoiy reja tuzib, Telegram va Instagram tarmoqlarida bojxona tizimi nomidan “Musodara tovarlar” va “Optom sklad” nomlari ostida kanal va guruhlar tashkil etgan. Shuningdek, guruhlarda “Bojxona qoʻmitasi admini”, “Ishonch siz bilan” kabi oʻnga yaqin soxta akkauntlar orqali oʻzlarini goʻyoki tizim xodimlari sifatida tanishtirgan.
Ular maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan iPhone telefonlarining soʻnggi modellari hamda kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilib, aslida mavjud boʻlmagan motoskuterlargacha yetkazib berishni vaʼda qilgan. Toʻlovlarning maʼlum qismi esa oʻzgalarning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalar orqali qabul qilingan.
Natijada jinoiy guruh aʼzolari dastlabki tergovga qadar jami 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yoʻli bilan 117 million soʻm pul mablagʻlari oʻzlashtirilgan va pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflan yuborgani aniqlangan. Mahsulotni talab qilgan yoki qayta aloqaga chiqqan jabrlanuvchilar esa javobsiz qoldirilib, ijtimoiy tarmoqlarda “qora roʻyxat”ga kiritilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Shuningdek, tergov harakatlari davom ettirilib, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash choralari koʻrilmoqda.
Oʻz muxbirimiz.
