Mahallada profilaktika inspektori vazifasida ilk xizmatimni boshla­gan kunimdayoq oilaviy nizoga duch keldim. Universitetni endigina bitirgan yosh xodimga ayol huquqlarini himoya qilish anchayin murakkabdek tuyuldi. Ikkilanib qoldim. Ming istihola bilan Ibrohim akaga qoʻn­gʻi­roq qildim. Rahbar odam boʻlsa, ishi koʻp, qanday qabul qilar ekan, degan oʻyni ustozning goʻshakning narigi tomonidan:

— Parvo qilma, hozir yetib boraman, – degan soʻzi tarqatib yubordi.

Oʻn besh daqiqa oʻtmay mayor Ibrohim Musurmonov yetib keldi. Ogʻir-bosiqlik bilan er-xotin mojarosini bartaraf etdi. Ularga hayotiy saboq berarkan, menga oqil inson rahbar etib tayinlanganini tushundim. 

Ibrohim aka nafaqat meni, balki barcha yoshlarni maʼnaviy jihatdan tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratadi. Xodimlarni intizomli boʻlishga, oʻz ustida ishlashga, odamlar bilan xushmuomala boʻlishga chaqiradi, ichki ishlar organi xodimi barchaga oʻrnak boʻlishi kerak, deya koʻp taʼkidlaydi. Jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida oʻz tajribasini oʻrtoqlashib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi. 

Ayniqsa, u kishining «jinoyat ham kasallikday gap, vaqtida oldini olish kerak», degan gaplari hamisha qulogʻim ostida jaranglaydi. Toʻgʻrisi ham shu. Jinoyat sodir etilgach, uning oqibatlarini bartaraf etish uchun juda koʻp saʼy-harakat kerak boʻladi. 

Ustozning yoʻl-yoʻrigʻi bilan mahallada profilaktik tadbirlarni kuchaytir­dim. Sport, maʼnaviy-maʼrifiy bellashuvlar, davra suhbatlari tashkil etdik. Jinoyatga moyil shaxslar bilan alohida ishlay boshladim. Natijada mahallamizda birorta ham jinoyat sodir etilmadi.

Ibrohim aka oilaviy ahvolim bilan ham doim qiziqib keladi. Hatto Mirzaobod tumanidagi xonadonimizda boʻlib, bir necha bor ota-onam bilan suhbatlashib, sharoitim bilan tanishgan. Odamlar orasida oʻzimni qanday tutish borasida qimmatli maslahatlarini bergan. Mana shu saʼy-harakatlarning oʻzi men uchun muvaffaqiyatlar kaliti vazifasini bajarmoqda.

Zokir QARSHIBOYEV, 

leytenant.

Sirdaryo viloyati.