Jizzax shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi viloyat kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Viloyat ichki ishlar organlari, prokuratura va adliya boshqarmasi vakillari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda joriy yilning birinchi choragida ichki ishlar hamda prokuratura organlarining aholi murojaatlariga doir faoliyati tahlil etildi. Yigʻilishda koʻtarilgan masala yuzasidan viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov, viloyat prokurori Islomjon Ergashxodjaev, viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi Shokir Saidov va boshqalar soʻzga chiqdilar. 

Dastlab viloyat ichki ishlar organlariga qilingan murojaatlar yuzasidan amalga oshirilgan tadbirlarga eʼtibor qaratildi. 2022-yilning birinchi choragida 5315 ta xabar va arizalar kelib tushgan boʻlib, mazkur murojaatlarning 100 tasiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. 1240 tasi boʻyicha ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari va hududiy boʻlimlari tomonidan tekshiruv oʻtkazilmoqda. 206 tasi tekshirish hujjatlariga, 55 tasi jinoyat ishlariga birlashtirilgan.    

Yigʻilishda prokuratura organlarining murojaatlar bilan ishlashga oid faoliyati ham tahlil etildi. Mazkur jarayonda har ikkala tizim vakillari tomonidan bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani bildirilib, masʼuliyatsizlik qilganlar tanqid qilindi. Oʻz navbatida holatni oʻnglash boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shundan soʻng respublikamiz rahbarining 2022-yil 21-fevraldagi “Er uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlashga oid masala koʻrib chiqildi. Mazkur jarayonda yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish, foydalanish, talon-toroj qilish kabi qonunbuzarliklarga qarshi kurashish hamda profilaktik ishlarni samarali amalga oshirish rejalashtirildi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.