Maʼnaviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda muzeylarning oʻrni nihoyatda beqiyos. Zero, muzeylarda saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir qoʻlyozmalar, hujjatlar avlodlarga tarixdan, ajdodlarimiz hayoti, yuksak maʼnaviyatidan hikoya qiladi.
IIV qoshidagi “Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi”ga Chilonzor tumani 178-sonli maktabning 10-11-sinf oʻquvchilari ishtirokida ekskursiya tashkil etildi.
Bundan asosiy maqsad – ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli xizmatini, tarixini yosh avlodga tanishtirish, ularda vatanparvarlik, yurtga daxldorlik tuygʻularini shakllantirishdan iborat. Muzeyda oʻquvchilar oʻtmish davrlardan (mirshablar, sovet davri milisiyasi) hozirgi zamon polisiyasigacha boʻlgan tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, orden-medallar, tarixiy qurol-aslahalar, forma kiyimlari, eski hujjatlar va jihozlarlar bilan tanishdi.
– Oʻzlikni anglash tarixni anglashdan boshlanadi, – deydi IIV qoshidagi “Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi” boshligʻi, mayor Elbek Normoʻminov. – Jonajon Oʻzbekistonimiz buyuk tarix va ulugʻ ajdodlarimiz makonidir. Yoshlarimizni oʻtmishdan va uning saboqlaridan xabardor qilish esa bugungi kunning muhim vazifalardan biridir.
Yoshlar buyuk ajdodlarmiz (Al-Xorazmiy, Temur, Navoiy va boshqalar) siymolari, ularning adolat va tartib haqidagi merosi haqida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
