Katta leytenant Navroʻz Ilhomov xizmat faoliyatini QuyiChirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi surishtiruvchisi vazifasida boshlagan. Ayni paytda mazkur boʻlimda katta tergovchi lavozimida ishlab kelmoqda.
Navroʻz Ilhomov jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni «issiq izida» fosh etish, sifatli tergov qilib, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasiga masʼuliyat bilan yondashib, yuqori natijalarga erishmoqda. Xizmat faoliyati davomida bosqinchilik, oʻgʻrilik, talonchilik bilan bogʻliq koʻplab jinoyat ishlarini toʻlaqonli va xolis tergov qilib, sud organlariga taqdim etgan.
– Tergovchilik kishidan diqqat-eʼtiborli, sinchkov boʻlishni, chuqur bilimni talab etadi. Chunki deyarli hech bir jinoyat sodir etgan shaxs aybini tan olmaydi, suvdan quruq chiqishga harakat qiladi. Tergovchi esa har bir ishni qonun doirasida koʻrib, sabr-toqat bilan ishlashi kerak. Jabrlanuvchining, gumon qilinuvchining har bir soʻzini adolat tarozisiga solib, ashyoviy dalillarni puxta oʻrganib, xulosa qilishi lozim, – deydi u.
Katta leytenant Navroʻz Ilhomov oʻz kasbiga mehr qoʻygani ortidan odamlarning rahmatiga sazovor boʻlib, duolarini olib kelmoqda. Ishidan mamnun, hamkasblari orasida ham oʻz oʻrniga ega. Ayniqsa, tugʻilgan kunida hamkasblarining uni hurmat qilishi juda bilinadi.
– Navroʻz bayrami kuni rahbarlarim hatto: «Bor, qoʻshaloq bayramni oilang bilan nishonla», deb xizmatdan ertaroq ozod qilishadi, – deydi Navroʻzbek.
– Shunday paytlari hamkasblarim «Hamma ham Navroʻz kuni tugʻilsin ekan-da», deya havas qilishadi.
Fursatdan foydalanib, butun xalqimizni yasharish va yangilanish bayrami – Navroʻzi olam bilan tabriklayman. Yangi kun barchaga shodlik, baxt olib kelsin! Hammaning xonadoniga qut-baraka yogʻilsin.
Biz ham qahramonimizni qoʻshaloq bayram bilan muborakbod etamiz.
Adolat FAYZIEVA,
«Postda» muxbiri.
Toshkent viloyati.
