Bugungi kunda yer savdosi boʻyicha turli xil firibgarlik holatlari koʻpayib bormoqda. Ayrim shaxslar birovning yerini qalbaki hujjatlar orqali sotib yuborsa, baʼzilari ayyorlik bilan bir yerni bir necha odamga ham sotishgacha boradi. Shunga oʻxshash holat Namangan viloyatida ham yuz berdi.
Namangan tumanida yashovchi ayol tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda bir fuqaro Namangan tumani Ohunboboyev mavzesida joylashgan bogʻdorchilikka ixtisoslashgan yarim gektar yer maydonini 1 gektar deb aytib, uni tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali nomiga oʻtkazib, molxona qurib foydalanish uchun qaror chiqarib berish evaziga 140 ming AQSh dollari talab qilayotganini, oldindan esa 10 ming AQSh dollari soʻrayotganini maʼlum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrilishini soʻragan. Ayolning arizasiga koʻra, tuman ichki ishlar boʻlimi tezkor qidiruv xizmati hamda Departamentning Namangan tuman boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Tadbir davomida arizada nomi keltirilgan shaxs hamda yana bir fuqaro kimyoviy ishlov berilgan 10 ming AQSh dollarini arizachidan olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qoʻlga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Namangan tuman ichki ishlar boʻlimi huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan ularga nisbatan Jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Ayni vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, yer oldiotdisi bilan bogʻliq har qanday ishlar faqatgina notarial idoralar orqali qonuniy tarzda amalga oshirilishi lozim. “Yuqorida tanishlarim bor” deb savdo ishini pishitib bermoqchi boʻlgan har xil uddaburonlarga aldanib qolmang.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
