Tumanimizdagi uchra­shuv­larda tadbirkorlik faoliyati, qishloq xoʻjaligi sohasi bilan yaqindan tanishgan Prezidentimiz sharoiti ogʻir hudud hisoblangan «Shoʻrariq» mahallasida aholi bilan dildan suhbat qurdi. Davlat rahbarining samimiy muloqoti, ayniqsa, odamlar orasidagi uchrashuv­lar mahallaning kelgusida obod hududga aylanishiga zamin yaratdi. 

5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan «Shoʻrariq» mahallasida yoʻllar taʼmirtalab, sharoit ogʻir edi. 

62 ta kambagʻal oila, 118 nafar ishsiz, 157 odam mehnat mig­ratsiyasida. Hal etilishi kerak boʻlgan ishlar esa talaygina. 

Prezidentimiz odamlar dardiga quloq tutgani chin maʼnoda mahalla ahliga olam-­olam quvonch baxsh etdi.

– Endi bu mahallani tubdan oʻzgartirib, Yangi Oʻzbekiston nafasini olib kiramiz. Koʻchalar obod qilinib, qiyofasi yangilanadi. Odamlarning yashashi, sayr qilib, bolalari bilan dam olishi uchun munosib sharoitlar boʻladi, 

– dedi davlatimiz rahbari.

Mahallani namunali hududga aylantirish boʻyicha koʻrsatma berilib, shu asosda shahar muhitini olib kirish va tadbirkorlik uchun sharoitlarni yaxshilash boʻyicha master-reja ishlab chiqiladi. Unga koʻra, joylar tayyor loyiha va infratuzilma bilan tashabbuskorlarga taklif etiladi. Natijada mahallaning salohiyati oshib, atrofdagi 

5 ta mahalla uchun markaz­ga aylanadi. Shuningdek, zamonaviy mahalla guzari va sayilgoh, bolalar va sport maydonchalari, kutubxona, kasb va til oʻrgatish markazi, bank shoxobchasi barpo etiladi. Maktab va bogʻchalar davlat investitsiya dasturi doirasida kapital taʼmirlanadi. Koʻchalar asfaltlanib, manzarali va mevali daraxt­lar, gul koʻchatlari ekiladi. Eskirgan va hosildorligi past bogʻlar toʻliq yangilanadi. Ijtimoiy shartnoma asosida odamlar oʻz uylarini tartib­ga keltiradi. Ushbu ishlar uchun 10 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladigan boʻldi. Prezidentimizning tumanimizga eʼtibor qaratishi va Norinni «Prezident tumani» deb atab, uning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun 

100 milliard soʻm mablagʻ ajrati­lishi tarixiy voqelik boʻldi.

Davlat rahbarining tashrifi shijoat va gʻayrat bilan ishlashga, masʼuliyatni yanada oshirishga turtki berdi. Endilikda aholi turmush darajasini oshirish, farovonlikni taʼminlash yoʻnalishida yangicha amaliy ishlar tashkil etiladi. Tumanimizda zudlik bilan qurilish, taʼmirlash ishlari boshlandi. Bu qay­noq jarayonda biz, ichki ishlar organlari xodimlari ham hududlar tinchligi, 

osoyishtaligini taʼminlagan holda, kamarbasta boʻlamiz. 


Azimjon AʼZAMOV,

Norin tumani IIB

KBTG katta inspektori,

kapitan.

Namangan viloyati.