Vobkent tumani IIB hamda hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan 2-sonli maktab oʻquvchilari uchun noodatiy shakldagi mahorat darsi oʻtkazildi. Tadbir maktab hovlisida saf tortgan xodimlar ishtirokida, keng koʻlamli amaliy koʻrgazma tarzida tashkil etildi. Unda ichki ishlar organlari tomonidan xizmat faoliyatida qoʻllaniladigan zamonaviy qurol-yarogʻlar, jinoyatlarni issiq izidan ochishda qoʻl keladigan texnik vositalar, shuningdek, maxsus texnika va asbob-uskunalar oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilindi. Yoshlar ularni yaqindan koʻrib, imkoniyatlari haqida mutaxassislarning tushuntirishlarini tingladilar.
Bundan tashqari, tuman FVB xodimlari tomonidan favqulodda holat yuz berganda toʻgʻri harakatlanish, xavfsiz evakuatsiya tartibi hamda maktab hududidan betalofat chiqish boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlar ham oʻtkazildi. Mazkur tadbir oʻquvchilarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati va xizmatda qoʻllaniladigan texnik vositalarni yaqinidan koʻrish imkonini berdi. Shu bilan birga, yoshlar favqulodda vaziyatlarda oʻzini toʻgʻri tutish koʻnikmalarini ham amalda sinab koʻrishdi.
S.RASHIDOV,
kapitan.
Buxoro viloyati.
