Fargʻona viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash hamda Axborot xizmatlari tashabbusi bilan “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Unda davlat va nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, faol fuqarolar, IIV Fargʻona akademik liseyi hamda turli taʼlim muaassalaridan kelgan oʻquvchi-yoshlar ishtirok etishdi. 

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi, tizimning jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligi, korrupsion xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, sohaga zamonaviy korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlarini joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalarni keng jamoatchilikka yetkazishga alohida ahamiyat berildi. 

Tadbir ishtirokchilari dastlab viloyat IIB hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamkorligida ochilgan kiberxavfsizlik laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Laboratoriya xodimlari bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar, texnik imkoniyatlar haqida batafsil tushuncha berishdi. Ishtirokchilar Fargʻona shahar IIOFMB qoshida tashkil etilgan situasion markaz faoliyati bilan tanishdi. Markaz xodimlari raqamlashtirish jarayonlari va jinoyatchilikni jilovlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida toʻxtalib, tadbir qatnashchilarga zarur maʼlumotlarni taqdim etdilar.

Viloyat IIB JXX JTSB patrulʼ-post xizmati batalʼonida tashkil etilgan harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazma ham yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.