Roʻyi zamin sayqali Samarqand shahrida tugʻilgan Islom qonida ijodkorlik ufurib turganligi sabab shahardagi tasviriy sanʼat bilim yurtida tahsil oladi. Ammo Ikkinchi jahon urushi uning hayotini butunlay oʻzgartirib yuboradi. U koʻngilli ravishda frontga otlanib, harakatdagi harbiy qismda xizmat qiladi. Urushning soʻnggi kunlarigacha janglarda qatnashib, oddiy pulemyotchilikdan boʻlinma komandiri, 24-oʻqchi diviziya vzvod komandiri yordamchisi darajasigacha yetdi. Shu bilan bir qatorda, oʻzidagi mahoratni namoyish etib, harbiy nashrlarda muxbirlik ham qiladi.
Islom Sattorov urushdan keyingi yillarda Ichki qoʻshinlar safida, Uzoq Sharqda, Magadan va Chukotkada xizmat qilgan. Magadan universiteti falsafa fakultetining kechki boʻlimida tahsil olib, keyin xizmatni Qozogʻistonda davom ettirgan. Bir muddat koʻp tirajli «Vospitatel», «Trudovoy put» gazetalarida muharrir oʻrinbosari boʻlgan. Izlanishdan, ilm olishdan toʻxtamagan fidoyi inson – Qozogʻiston davlat universitetining filologiya fakultetini, soʻngra sobiq ittifoq Jamoat tartibini saqlash vazirligi Oliy maktabini ham tamomlaydi.
Vatan sogʻinchini qalbida tuygan, doim oʻz diyoriga qaytish ilinjida boʻlgan I. Sattorov nihoyat ona yurtiga qaytib, sobiq ittifoq IIV Toshkent oliy maktabi kurs boshligʻi, oʻrta maxsus militsiya maktabi boshligʻining oʻrinbosari, IIV Maʼmuriy xizmat boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida sidqidildan xizmat qildi.
1973-yili Toshkent shahar IIB boshligʻi lavozimiga tayinlangan Islom Sattorov shaxsiy tarkibga shart-sharoit yaratish maqsadida shahar IIB binosini qaytadan qurib bitkazishda bosh-qosh boʻladi.
U rahbarlik qilgan yillarda shahardagi kriminogen vaziyat ancha ogʻir edi. Vaziyatni sinchkovlik bilan oʻrganib, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etadigan jinoiy guruhlar payini qirqishda jinoiy guruhlarga aloqador shaxslarni qoʻlga olish operatsiyalarida shaxsan qatnashadi. Natijada shaharda huquq-tartibot mustahkamlanishiga, oʻta ogʻir va ogʻir turdagi jinoyatlarning kamayishiga erishildi. Xizmatdagi ana shunday yutuqlari tufayli 1975-yil 1-noyabrda unga «general-mayor» maxsus unvoni berildi.
Islom Sattorov yangicha uslubda ishlaydigan rahbar boʻlib, oʻz davridan bir qadam oldinda yurardi.
Zamondosh hamkasblarining eslashicha, u oʻzaro suhbatlarda, baʼzan xizmat kengashlarida ham vijdoniga xilof ish qilgandan koʻra, qotgan non yeb, suv ichib, tirikchilik qilishni maʼqul koʻrishini aytardi. U boshqalarni ham shunga chaqirar, ishontira olar, chunki taʼsirchan gapira bilardi. «Oynadagi aksingizga diqqat bilan tikilib, oʻzingizdan halol yashayapmanmi, ertaga yaqinlarim, tanishlarimning haqli taʼna-dashnomiga qolmaymanmi, deb soʻrab koʻring», degan gapni doim takrorlardi.
Poytaxt militsiyasiga 11 yil rahbarlik qilgan Islom Sattorov 1984-yili isteʼfoga chiqdi. Pensiyada boʻsh oʻtirishni oʻziga ep koʻrmagan general sevimli mashgʻuloti – jurnalistika bilan shugʻullana boshladi. Faoliyatini «Elektrotexnik» gazetasining muharrirligida davom ettirdi.
Generalning hayot sahifalaridagi soʻnggi davr muhimligi jihatdan oldingilaridan qolishmaydi. Islom Sattorov bu davrda jiddiy, shafqatsiz sinovdan oʻtdi. U qonunbuzarlik, qoʻpollik bilan toʻqnash keldi. Unga ozodligini saqlash evaziga vijdoniga qarshi borishni taklif etishdi. Biroq aybsiz aybdorga aylangan boʻlsa ham, u oʻz qadrini saqladi, haqiqat gʻalabasiga ishonchini yoʻqotmadi.
1985-yil 26-avgustda gdlyanchilar tomonidan toʻqib chiqarilgan soxta ayblovlar tufayli u hibsga olinadi. Uch yillik noqonuniy tergovlar davomida unga nisbatan pora olish va berish ayblovi qoʻyildi. Tergov-surishtiruv ishlari mobaynida 116 ta epizodlar qalbakilashtiriladi. Ammo asossiz ayblov boʻlganligi bois, tergov yakunida ishni sudga yoʻnaltirishdan oldin tergovchilarning oʻzi dastlab 70 ta, keyin yana 13 ta ayblov epizodidan voz kechishga majbur boʻlishgan.
– Turmush oʻrtogʻim hibsga olingach, hayotimiz «oldingi» va «keyingi» davrga boʻlindi, – deydi Zoya Sattorova. – U kishi qoʻlga olingan kuniyoq xonadonimizda tintuv oʻtkazildi va shu ondan boshlab doimiy qoʻrquv hamda tahlika ichida yashay boshladik. Erimga pora sifatida berilgan narsalar va qimmatbaho buyumlarni topshirishimni soʻrashdi. Ularga uyda hamma narsa halol mehnat evaziga sotib olinganini aytdim. Tintuv davomida u kishining barcha orden va medallari, shuningdek, fotosuratlari olib qoʻyildi. Meni ham tergovchi N. Ivanov oʻtirgan xonaga soʻroqqa olib kirishdi. Undan aniq biror narsa eshitmadim. U Oʻzbekistondagi umumiy vaziyat haqida qandaydir mavhum mulohazalar yuritdi. Bir varaq qogʻozga chiziqlar chizdi va pora boʻyicha nimalarnidir tushuntirishga harakat qildi. U aqlli odam qiyofasiga kirishga urinar, men esa buning tamoman aksi ekanini koʻrib turardim.
Tergovchilar endi Zoya Baxramovnaning ish joyi – Toshkent davlat universiteti hujjatlarini titkilashga kirishdi. Uni kadrlar boʻlimiga chaqirtirishib soʻroq qilishadi. Tergovchilar oliygohning ikki mingga yaqin shtat birligi roʻyxati qayd etilgan katta daftar-kitobni xatchoʻplar bilan belgilab qoʻyishgan edi. Shu tariqa, familiyasi Sattorov boʻlgan barcha ishchilaru tahsil oluvchilarni aniqlab chiqishgan. Lekin ularning birortasi Sattorovning qarindoshi emas va farzandlari ham bu yerda oʻqimas edi. Ularning farzandlari Toshkentda emas, Moskva elektrotexnika aloqa institutida tahsil olardi.
Yana bir holat universitet partiya qoʻmitasining texnik kotibi Z. Sattorovaga qoʻngʻiroq qilib, shahar qoʻmitasidan eri bilan ajrashgani haqida anonim xabar kelganini maʼlum qilishgan.
Gdlyanchilar tomonidan I. Sattorovning oʻgʻli Timurga nisbatan ham qandaydir toʻqib chiqarilgan uydirma asosida bezorilik jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi noqonuniy qoʻzgʻatilgani bois, ish sudgacha yetib bormadi. Lekin tergovchilar bu ishlarning barchasini uning otasi aybini boʻyniga olishi uchun oʻylab chiqilgan nayranglar edi. Ular Timurni yertoʻlaga qamash bilan qoʻrqitib:
«U yerda oʻtirib otang bilan devorga taqillatgan holda gaplashasan», deb tahdid qilishgan.
Xullas, soʻroq-savollar va tergov jarayonlari tugab, I. Sattorov baribir qamoq jazosiga mahkum etiladi.
Haqiqat egiladi, bukiladi ammo sinmaydi. Qahramonimiz 1990-yil 8-iyun kuni qamoqdan ozod etiladi. Shundan soʻng umrining oxiriga qadar «Toshkentdan gapiramiz va koʻrsatamiz» gazetasida muharrir oʻrinbosari lavozimida ishladi. Xalq deputatlari Toshkent shahar va Oliy Kengash deputati etib saylanib xalq manfaatlari yoʻlida fidokorona mehnat qilgan. Uning xizmatlari munosib baholanib, bir necha orden va medallar bilan ham taqdirlangan. Lekin oʻlim haq. U 1992-yil 30-mart kuni 68 yoshida bu hayotdan koʻz yumdi.
Ha, ichki ishlar organlari tarixida general-mayor Islom Sattorov kabi oʻz Vatanini sevgan, mustamlaka davrida har qanday qarshiliklarga qarshi mardona tura olgan va adolat uchun kurashganlar koʻp boʻlgan.
Sarvar SOBIROV tayyorladi.
