2023 yilning 5 sentyabr kuni Paxtakor tumanining «Toshkent» mahalla fuqarolar yigʻinidagi doʻkondan 13 million 200 ming soʻmlik 7 dona uyali aloqa vositasi oʻgʻirlandi. Qonunbuzarlik doʻkon oynasini sindirish yoʻli bilan amalga oshirilgandi.
Soha vakillari tomonidan oʻtkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida oʻgʻrilik fosh etildi. Jinoyatni sodir etgan Paxtakor tumani «Doʻstlik» mahallasida yashovchi J.N., S.M. hamda Samarqand viloyati Paxtachi tumani «Maʼrifat» mahallasida istiqomat qiluvchi N.SH. ushlangan. Ulardan 19 dona turli rusumdagi uyali aloqa vositalari hujjatlashtirib olindi.
Surishtirilmoqda
Ichki ishlar organlari xodimlari Jizzax viloyati Baxmal tumani «Muzbuloq» mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi H.J. ijtimoiy tarmoq orqali 554 kishiga doimiy tarzda diniy mazmundagi materiallarni tarqatayotganligini aniqladilar. Holat yuzasidan surishtiruv oʻtkazilmoqda.
Zararni qoplaydigan boʻldi
Jizzax viloyati Yangiobod tumani «Sovot» mahallasida joylashgan tikuvchilik tsexida elektr quvvatidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. Maʼlum boʻlishicha, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi manfaatlariga 604 ming 800 soʻmlik zarar yetkazilgan. Tsexga masʼul S.X.ga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
