Namangan viloyati IIB TJXTB profilaktika inspektorlari tomonidan doimiy ravishda temir yoʻl hududida joylashgan mahallalar, oʻquv muassasalari hamda ishlab chiqarish korxonalarida profilaktik suhbatlar olib boriladi. Shuningdek, belgilangan hududlarda “Diqqat, temir yoʻl!” tadbiri oʻtkaziladi.
Ammo tushuntirish va targʻibot ishlari olib borilsa-da, koʻngilni xira qiladigan xodisalar uchrab turayotgani tashvishlanarli. Yoʻl qatnov qismida voyaga yetmagan yoshlarning quloqchindan foydalanishi, piyodalar, avtomashina haydovchilarining yoʻl qoidalariga rioya qilmasliklari oqibatida turli baxtsiz hodisalar kelib chiqmoqda.
Xususan, joriy yilning 6 mart kuni soat 22:35 larda Chortoq-Namangan temir yoʻl bekatlari oraligʻining qoʻriqlanmaydigan temir yoʻl kesishmasida 1989-yilda tugʻilgan J. Mahmudov "Damas" rusumli avtomashinani boshqarib borayotgan vaqtida toʻxtash belgisiga amal qilmay harakatlangani uchun avtotransport hodisasi kelib chiqqan.
Chortoq tumanida yashovchi fuqaro M. Qodirova harakatlanib ketayotgan paytda chap temir yoʻl iziga yaqin turgan. Poezd shoshilinch tormoz bersa-da, lekin ayolni turtib yuborgan. M. Qodirova Chortoq tuman tibbiyot birlashmasiga yuborilgan va birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan.
Namangan-Chortoq bekatlari oraligʻida voyaga yetmagan, 2009-yilda tugʻilgan M.Oripov varrak uchirib oʻynayotgan vaqtida elektr simiga ilinib qolgan varrakni olishga uringanida yuqori kuchlanishli elektr toki urgan va bola tan jarohati olgan. Bunday noxush misollarni koʻplab keltirish mumkin.
Yuqoridagi kabi koʻngilsiz voqealarning oldini olish uchun tushuntirish va targʻibot ishlarini yanada kuchaytirishimiz kerak. Shuningdek, aholi ham bu tadbirlardan oʻziga tegishli xulosalar olib, masʼuliyatli, hushyor hamda ogoh boʻlishi lozim.
Olimjon NOSIROV,
kapitan.
Namangan viloyati.
