Buxoro viloyati IIB, Bojxona va DXX viloyat boshqarmalari xodimlari hamkorligida Gʻijduvon tumani hududida oʻtkazilgan “Qoradori-2021” tezkor tadbiri davomida tumandagi “Sarmijon” YPX maskanida “Toshkent-Buxoro” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan, Qorakoʻl tumanida yashovchi A.Sh. ismli shaxs boshqaruvdagi “Neksiya-3” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib koʻzdan kechirildi. Mazkur avtotransport vositasini koʻzdan kechirish jarayonida haydovchining old eshigi choʻntagida oq rangli sochiqqa oʻralgan, polietilen paketga solingan narsa chiqdi. Soʻng haydovchi oʻrindigʻining oyoq ostidagi rezina toʻshama tagidan polietilen boʻlagiga oʻralgan hamda salondan “Regapen 300 mg” yozuvli 10 dona kapsula shaklidagi shubhali narsalar topildi.

Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosalariga koʻra, birinchisi sof vazni 20,21 grammga teng boʻlgan koʻp miqdordagi “OPIY”, ikkinchsi 1,28 grammga teng boʻlgan “gashish” giyohvandlik vositalari ekan. Bundan tashqari, salondan olingan 10 dona kapsulalar tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositasi hamda bir dona “MH-Series Pocket Scale” yozuvli qutida elektron tarozi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Mazkur holat yuzasidan A.Sh.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JK.ning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan holda, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.