Asli Xatirchi tumanida tugʻilib voyaga yetgan Azim Shodiyev oʻquvchilik davridayoq huquqiy mavzuda maqolalar yoza boshladi. Keyinroq bilimlarini Navoiy davlat pedagogika instituti tarix-huquq yoʻnalishida oʻqib, yanada boyitdi. U mana toʻrt yildirki, Karmana tumani «Varq» mahallasida profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilmoqda.
Mazkur mahallada oʻzbek, tojik, rus va tatar millat vakillari ahil-inoq yashashadi. Hududning osoyishtaligiga masʼul katta leytenant Azim Shodiyev kunning qaysi vaqtida boʻlmasin, mahalla ahlining muammolarini hal etishdan, ogʻirini yengil qilishdan erinmaydi.
– Oila mustahkam, tinch boʻlsa, jamiyat ham osoyishta, farovon boʻladi. Shu bois oilalar tinchligiga alohida eʼtibor qaratamiz. Avvalo nizo chiqqan oilaning turmush sharoitini, ijtimoiy ahvolini oʻrganamiz, ishsiz oila aʼzolari bandligini taʼminlaymiz, – deydi katta leytenant Azim Shodiyev.
Mahallaning Birdamlik koʻchasida joylashgan 187-uyning peshtoqida Vatanimizning Davlat bayrogʻi hilpirab turadi. Boisi, bu xonadonda lavhamiz qahramoni istiqomat qiladi.
– Azimjon erta-yu kech mahallamiz ahlining tashvishi bilan yashaydi. U farzandlarimiz, nabiralarimizni toʻgʻri yoʻlga boshlash borasida jon kuydiradi. Inspektorimizning xizmatidan koʻnglimiz toʻq. Har doim uning haqiga duodamiz, – deydi mahallaning piri badavlat nuroniylaridan Axtam bobo Sultonov.
– Oʻtgan yili birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida huquqbuzarliklar nisbatan kamaydi. Hududda jinoiy holatlarni keskin kamaytirish uchun uning tub ildizi, sabablarini mahalla ahli bilan birga tahlil etyapmiz, – deydi katta leytenant A. Shodiyev.
Mahliyo XOLOVA,
oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
