Ayrim hollarda yuzaga kelgan qaltis vaziyatdan «silliq» chiqib ketish ilinjida boʻlganlar soha vakillarini jinoyatga qoʻl urushga undaydilar. Chunonchi, qashqadaryolik N.U. Jizzax viloyati IIB JXX YHXB yoʻl-patrul xizmati batalyoni 2-safarbar guruhi yoʻl-patrul xizmati katta inspektori, katta serjant Jasur Toʻrayevga pora taklif qildi. Bunga uni qonunga zid xatti-harakati undadi. Qisqasi, hammasi Paxtakor tumani «Buyuk ipak yoʻli» mahallasi hududidan oʻtuvchi Toshkent – Termiz yoʻlida xizmat olib borayotgan katta inspektor­ning ogʻir yuk ortilganligi yaq­qol sezilib turgan «Cobalt»ni toʻxtatishidan boshlandi.

Avtoulovni koʻzdan 

kechirish jarayonida katta serjant Jasur Toʻrayev avtoulov saloni va bagaji chigitlanmagan paxta bilan toʻldirilganiga guvoh boʻldi. Eʼtiborlisi, na haydovchilik guvohnomasini, na paxta xomashyosiga oid hujjatlarni taqdim qila olmadi. 

Tabiiyki, xodim tegishli tartibda bayonnoma rasmiy­lashtirishga kirishdi. 

Ana shunda qoidabuzar haydovchi oʻziga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirmasligi uchun xodimga pul tiqishtira boshladi. Oʻz navbatida, qonun himoyachisi N.U.ga bunday xatti-harakat jinoyat ekanli­gini tushuntirdi. Ammo oʻjar haydovchi bir dasta pulni YPX xodimining xizmat avtomashinasi saloniga qoʻydi... 

IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Jizzax viloyati boʻyicha boʻlimi hamda prokuratura xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida haydovchi YPX xodimiga 1 million 

850 ming soʻmni pora tariqasida tashlab qoʻyganligini tan oldi.


Alijon ABDUSATTOROV,

oʻz muxbirimiz.

Jizzax viloyati.