«4-sinfda oʻqiyotganimda onamning suratini chizganman. Uni tasviriy sanʼat ustozimga koʻrsatganimda, rosa hayratlanib, meni maqtagandi. Shu-shu, ustozim menga alohida eʼtibor qila boshladi. Uyda ham boʻsh boʻldim deguncha, biror-bir narsaning suratini chizishga oʻtirardim. Chizgan suratlarimni xonamga ilib qoʻyganimda, yaqinlarim koʻrib, «Bu qizda isteʼdod bor, u kelajakda yaxshi rassom boʻladi», deyishardi. Biroq onam «Dilfuza rassom emas, oʻqituvchi boʻladi», derdilar. Men maktabni, soʻng oliy taʼlim dargohini tamomladim. Maʼlum vaqt maktabda oʻquvchilarga dars berdim. Bugun esa ichki ishlar organida xizmat qilyapman. Lekin tasviriy sanʼatning moʻʼjizaviy olamidan ayro boʻlolmadim».

Aslida har bir odamning ichida isteʼdod yashaydi, deyishadi. Bu gap rost. Faqat kimdir uni yuzaga chiqara oladi, kimdir esa yoʻq. Qahramonimiz kapitan Dilfuza Chorshanbievada hammada ham uchramaydigan qobiliyat bor. U bugun Surxondaryo viloyati IIB M va FRB Ўzbekiston Res­publikasi fuqarolarining xorijga chiqishlarini rasmiylashtirish guruhi inspektorigina emas, balki ajoyib rassom hamdir.

 Uning tasviriy sanʼatga qiziqishi yuqorida oʻzi tasvirlagandek boshlangan. Ammo hayotda hamma ham oʻzi istagan yoʻnalishdan boravermaydi. Dilfuza bundan afsus qilmaydi. Chunki u mehnat qilayotgan kasb mashaqqatlarini xobbisiga aylangan rassomlik yuvib yuboradi.

– Doimiy ravishda turli kayfiyatdagi odamlar bilan muloqot qilganimiz sabab, koʻpincha uyimga ishdan horgʻin holda qaytaman, – deydi kapitan D. Chorshanbieva. – Uydagi yumushlarni bajarib, hamma yoqni saranjomlagach, tunda ilhomim kelgan vaqtlarda surat chizishga oʻtiraman. Koʻpincha yaqin insonlarimni, tarixiy shaxslarning portretini yaratishni yaxshi koʻraman. Asarimni yakunlagach, uni koʻrib, barcha charchogʻim, gʻuborlarim tarqab ketadi. Qushdek yengil boʻlaman.

Dilfuza Chorshanbieva shu yili viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan «Amir Temur oʻgʻlonlari» va «Jaloliddin Manguberdi vorislari» koʻrik-tanlovida tasviriy sanʼat yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Bu uning ilk tanlovi, ilk ishtiroki va gʻolibligi boʻldi.

– Tanlovlarda sira qatnashmaganman, biroq bu ishtirokim menga boshqacha motivatsiya berdi. Ўz ustimda ishlashim kerakligini tushundim. Hozir somon yordamida portret yaratishni oʻrganyapman. Somon sanʼatida ishlashning ham oʻziga xos shavqi bor ekan. Uning yordamida sarkarda Amir Temurning ot minib turgan suratini ishladim. U koʻpchilikka maʼqul keldi.

 Dilfuza bugun uch farzandning onasi. Turmush oʻrtogʻi ham profilaktika inspektori boʻlib ishlaydi.

– Baʼzan farzandlarim ham atrofimga tizilishib, akvarel boʻyoqlar bilan rasm solishadi, — deydi qahramonimiz. — Ularni koʻrib, mening ham zavqim oshadi. Har holda, tasviriy sanʼatga mehrlari boshqacha ekanligidan quvonaman. Chunki bu sanʼat bolalarning nainki tasavvurini kengaytiradi, balki ruhiyatidagi kemtikliklarni ham toʻldiradi. Muhimi, hayotni turfa ranglarda koʻra olish koʻnikmasi shakllanadi.

Dilfuzaning taxayyul olami keng. U hayotni yorqin boʻyoqlarda aks ettirishni yoqtiradi. Buni uning tarix va bugun haqida chizgan koʻp­lab suratlarida, peyzajlarida ham kuzatish mumkin. Qolaversa, u Bobur, Amir Temur, Toʻmaris, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk shaxslarning portretini mahorat bilan yaratgan. Yana uning inspektorning baxtiyor oilasi, kuz tasviri ifodalangan suratlari ham ancha jonli chiqqan.

Hayotda hammamiz sinovdan, oʻtayotgan vaqtimizda nimadandir kuch olib, ilinj topib yashashga urinamiz. Bu bizni ertangi yaxshi kunlar umidi bilan hayot kechirishga undaydi. Dilfuza ana shu kuchni, ilinjni, moʻyqalam sehridan, ajib ranglarning mehridan oladi. Shularning undovi bilan katta-katta orzular, maqsadlar sari dadil qadam tashlaydi. Biz uning dadil odimlari qatʼiy, yutuqlari ham shu orzular kabi yuksak boʻlishini istaymiz.

Feruza RaHmonQulova,

«Postda» muxbiri.

Surxondaryo viloyati.