Viloyat 3-sektor hududidagi Gʻijduvon tumani “Koʻkcha” mahallasiga qarashli “Ogʻitma” ovuli viloyat markazidan 220 kilometr, tumandan esa 160 km uzoqlikda joylashgan. Eng olis, choʻl hududlaridan biri hisoblanadigan ovulda 77 ta xonadon va 300 ga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Yaqinda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik M.Miralimov ovulda boʻlib, “fuqarobay” tizimi asosida har bir xonadondagi aholi muammolarini joyida oʻrgandi. Shuningdek, mahalla binosida “beshlik” vakillari bilan boʻlgan suhbat davomida aholidan kelib tushayotgan har bir murojaatni tegishli tartibda koʻrib chiqish, unga yechim topish yuzasidan oʻz tavsiyalarini berdi.
Bundan tashqari, ovulda joylashgan ijtimoiy obʼektlar, MTT, 38-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi hamda tibbiyot maskanida yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Jarayonda yoshlarning taʼlim tarbiya olishi, ovul ahlining salomatligini taʼminlash borasida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar ham berildi. Yoshlarga zarur boʻladigan oʻquv qurollari, sport anjomlari taqdim etildi. Yana oʻz jonbozligi hamda mehnati bilan oʻrnak boʻlayotgan bir guruh maktab oʻqituvchilariga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shundan soʻng, aholini arzon hamda sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash maqsadida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi ham tashkil qilindi. Qolaversa, ovul aholisi uchun iftorlik dasturxoni yozildi. Unda oʻtganlar xotirasiga Qurʼon tilovat qilindi. Iftorlikda ishtirok etgan roʻzadorlar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, dehqonlarimiz yetishtirayotgan mahsulotlar hosiliga baraka tilab, duo qilishdi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
