Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi qarori ijrosiga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi. Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, favqulodda vaziyatlar, madaniyat, maʼrifat, sport, qurilish, kommunal, kadastr, sanoat xavfsizligi, sogʻliqni saqlash tashkilotlari vakillari qatnashdilar.

Yigʻilishda viloyatda ommaviy tadbirlar oʻtkazilishini nazorat qilish komissiyasi faoliyatiga oid vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, madaniyat va istirohat bogʻlari, sport inshootlari va sayilgohlarda tadbir oʻtkazish tartiblari, ommaviy tadbir ishtirokchilari uchun taqiqlangan harakatlar va predmetlar xususida maʼlumotlar berildi.

Bundan tashqari, ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan obʼektlarda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida muhandislik tarmoqlari va texnik mustahkamlikka oid texnik pasport ishlab chiqilganligi, ushbu obʼektlar bir yilda kamida 2 marta ishchi guruh tomonidan oʻrganib chiqilishi zarurligi bildirildi. Shu maʼnoda tarkibida 13 ta tashkilot va idora vakillari boʻlgan ishchi guruhi tuzildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, ommaviy tadbirlar oʻtkazilishini nazorat qilish komissiyalariga viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari rahbarlik qiladi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.