Yakkabogʻ tumani “Beshoʻgʻil” MFY hududidan oʻtuvchi Qizildaryo boʻyiga bir guruh fuqarolar dam olishga kelishadi. Dam olish davomida ayollardan biri voyaga yetmagan farzandi bilan daryoga choʻmilish uchun tushib, suvning tezoqar qismida oʻz harakatini boshqarolmay oqib keta boshlaydi.
Bu paytda shu yerdan oʻtayotgan tuman IIB JXX HPB profilaktika inspektori, kapitan Sherbek Elmurodov vaziyatni bilgach, tezda daryoga tushib, ona-bolani qutqarishga kirishadi. Taxminan yuz metrlarcha oqib kelgan ona-bolani daryodan chiqarib oladi.
Surishtiruvlar davomida Qizildaryodan qutqarilganlar tumanning “Esat” MFYda yashovchi S.N. va uning bolasi E.S. ekani maʼlum boʻldi.
Kapitan Sherbek Elmurodov 1990 yili Qarshi shahrida tugʻilgan. Qarshi davlat universitetini tugatib, dastlab Qarshi tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimida ishladi, soʻng Qarshi shahridagi qishloq xoʻjaligi kollejida yoshlarga dars berdi.
2017-yili ichki ishlar organlariga hujjat topshirdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, dastlabki faoliyatini Yakkabogʻ tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori lavozimidan boshladi. Kapitan Sherbek Elmurodov oʻtgan vaqt davomida berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarish bilan birga, oʻz ustida ishlab, kasbiy, jangovar va jismoniy tayyorgarligini oshirib borishni kanda qilmadi.
Ayni kezlarda tumandagi “yashil” toifaga mansub “Beshoʻgʻil” mahallasi fuqarolariga xizmat koʻrsatib kelayotgan profilaktika inspektoridan mahalla faollari va fuqarolar minnatdor.
Darvoqe, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi farmoniga binoan, kapitan Sherbek Elmurodov “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Sodiq RAHIMOV,
oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
