«Milliy oʻzligimiz timsoli, maʼnaviyatimiz asosi boʻlgan ona tilimizga eʼtibor yanada kuchaytiriladi.
Albatta, chet tilini bilish — zamon talabi. Ammo ona tilini bilishni majbur qilish kerak».
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va
Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan.
Ona tili, shubhasiz, bu yorugʻ olamdagi eng qadrli, biz qizgʻanib va ardoqlab yashaydigan muqaddas moʻʼjizalardan biridir.
Bugun bolalarining xorijiy tillarni oʻrganishini chin dildan istayotgan ota-onalar koʻpchilikni tashkil etadi. Albatta, koʻp tilni bilish dunyoga boʻylash, yurt taraqqiyoti yoʻlida xizmat qilishda yoshlar imkoniyati yanada kengayishining muhim omillaridan biri. Ammo bu narsa ona tiliga nisbatan bepisandlik hissini shakllantirish evaziga boʻlmasligini yoshlarga tushuntirish kattalar, ayniqsa, ota-onalarning muhim vazifasi, taʼbir joiz boʻlsa, burchidir.
Afsus bilan qayd etish joizki, oilada farzandlari bilan xorijiy tillarda gaplashishi bilan faxrlanayotgan ota-onalar oramizda uchrab turibdi. Bundan tashqari, ona tilimizga xorijiy soʻzlarni aralashtirib qoʻllash holatlariga tobora koʻnikib borayotganimiz ham katta fojialarimizdan biri.
Tabiiyki, muomalaga kirib kelayotgan har qanday xorijiy til taʼsiri ona tili va milliy madaniyatimizga soya solishi mumkin. Koʻchaga chiqishingiz bilanoq, doʻkonlar yoki binolar peshtoqidagi yozuvlar, reklamalarning turli xorijiy tillarda yozilganiga koʻzingiz tushadi. Bu ona tilimizga hurmatsizlikdan boshqa narsa emas, aslida. Bu mavzuda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda koʻp va xoʻp bong urilayotganiga qaramay, biror ijobiy natijaga erishilmayotgani achinarlidir...
Prezidentimiz oʻz Murojaatnomasida ona tilimizning qadri va nufuzini oshirish boʻyicha kuyunchaklik bilan aytgan fikrlarini eshitarkanman, ana shunday fikrlar xayolimdan oʻtdi. Kezi kelganda, soʻnggi yillarda oʻzbek tilining nufuzini oshirish boʻyicha davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganini alohida aytib oʻtish lozim. Eʼtiborli jihati, bu xalqaro maydonda ham haqli ravishda hurmat bilan eʼtirof etilayotganidir.
Koʻngilga taskin beradigani shuki, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, «Albatta, chet tilini bilish – zamon talabi. Ammo ona tilini bilishni majbur qilish kerak».
Xurshidbek ROʻZIYEV,
podpolkovnik.
