Farzandli boʻlganimdan soʻng bu soʻzlarni har kuni eshitadigan boʻldim. U ishdan uyga qaytib, darrov qoʻllarini yuvishga oshiqar, soʻngra hatto tuzalgan dasturxonga ham qaramay oʻgʻlimizning yoniga kelardi. «Onang biroz dam olsin», derdi u va yuzida tabassum bilan kichkintoyni qoʻliga olardi. Kechalari men bilan birga goʻdakni parvarishlab, koʻziga uyqu kirmasdi... 

Bir necha oydan soʻng u «onang biroz dam olsin» soʻzlari bilan yengini shimarib, kichkintoyga qoshiqda ovqat yedirardi. Keyinroq xuddi shu soʻzlarni aytar ekan, menga bir muddat sokinlik hadya etish niyatida bir yoshli oʻgʻlimizni sayr qildirish uchun kiyimlarini kiydirardi. 

Kitob oʻqib berishni soʻrab xarxasha qilayotgan dilbandiga «onang biroz dam olsin», derdi u ayyorona tabassum bilan va boshqa xonaga oʻtib, unga ertaklar oʻqib berardi. Yana keyinroq esa «Onang biroz dam olsin» deya pichirlab, maktabga chiqqan bolajonimizga barmogʻida sanashni va kitobdagi harflarni oʻrgatardi. Yillar oʻtib esa xuddi shu sehrli soʻzlar bilan oʻgʻlimizni bitiruv kechasidan kutib olgandi. 

Mana shu oddiy jumlalarni eshitib, qalbimda mehr va hurmat tuygʻusi tobora ortib borar, baxtdan koʻzlarimga yosh qalqardi. Nihoyat vaqt oʻtib, «ona» soʻzi «buvi» bilan almashdi. 

«Buving biroz dam olsin», derdi u nabiramizga barmogʻini yolgʻondakam oʻqtalib. Keyin ota-onasi ishda ekani uchun biroz erkalik qilgan mittivoyni olib, baliq oviga ketardi. Yana yillar oʻtib, deyarli gina bilan shu jumlalarni keltirar va planshetda musiqani baland qilib qoʻygan shumtakaga quloqchinni uzatardi.

U ikkinchi nabiramiz dunyoga kelishini koʻrishga ulgurmadi, vafot etdi. Oila aʼzolarim boʻshab qolgan qalbimga biroz boʻlsa-da taskin berish, quvonch ulashish uchun doim koʻnglimni olishga harakat qilishdi. Qiz nabiramni quchogʻimga olib, oʻksib-oʻksib yigʻladim. Yana oʻsha qadrdon ovozda yod boʻlib ketgan soʻzlarni eshitadigandek umidlandim. Hatto tentakona umid bilan yon-atrofimga qaradim. 

Bir necha kundan soʻng goʻdakning xonasidan «Uxla, asalim, uxla, onang biroz dam olsin» degan soʻzlarni eshitib, xonaga asta moʻraladim. Oʻgʻlim qizalogʻining yotoqchasini tebratib, uni pichirlab ovutardi. Xuddi oʻsha – otasining odatiy jumlalari bilan... 

Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.